6 avgust kuni O`zbekneftgaz AJ binosida O`zbekiston bosh vazir o`rinbosari - O`zbekneftgaz AJ Boshqaruvi raisi A. S. Sultonovning dunyoga mashhur Halliburton kompaniyasining sharqiy yarimshar bo`yicha prezidenti janob Jo Reyni bilan uchrashuvi bo`lib o`tdi.
Halliburton kompaniyasi prezidentining ta`kidlashicha, u O`zbekiston Respublikasida ro`y berayotgan o`zgarishlar, iqtisodiy va siyosiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni diqqat bilan kuzatib kelmoqda.
Janob Reyning so`zlariga ko`ra, kompaniya yillar davomida mamlakatimiz bozoriga kirishga harakat qilgan, biroq doim biror sabab bo`lib rejalar amalga oshmagan, lekin hozirgi kunda kompaniya O`zbekistonda ro`y berayotgan ijobiy o`zgarishlaring bir bo`lagiga aylanishiga umidvor ekanligini aytib o`tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar hamkorlikning istiqbolli yo`nalishlarini muhokama etdilar va unga ko`ra quyidagi kelishuvlarga erishdilar:
- Halliburton kompaniyasi O`zbekistonda doimiy ofisini ochadi;
- Past rentabelli quduqlardan suyuq uglevodorodlarni qazib olish hajmini oshirish bo`yicha hamkorlik rejasini ishlab chiqishdavom ettiriladi;
- Qo`shma ishchi guruh tashqi bozorlardagi loyihalarda qo`shma ishtirok etish imkoniyatlarini ko`rib chiqadi.
Uchrashuv yakunida, Janob Reyni Halliburton kompaniyasi mamlakatimiz bilan uzoq muddatli hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligini, va shu maqsadda, kompaniyasining ilg`or mutaxassislarini O`zbekneftgaz AJ bilan yaqin hamkorlikka jalb qilish rejada ekanligini ta`kidladi.

Ma`lumot uchun: Halliburton AQSh transmilliy korporasiyasi bo`lib, dunyoning neft va gaz qazib olish sohasida xizmat ko`rsatuvchi yirik kompaniyalardan biridir.






