AsosiyJamiyat

O`zbekistonda pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish taklif etildi

'O`zbekistonda pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish taklif etildi'ning rasmi

QHTBT portalida Prezidentning «Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti tizimini yanada isloh qilishga doir chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarori loyihasi e`lon qilindi, deb yozadi Norma.

Hujjat loyihasida qayd etilishicha, kelajakda pensiya tizimining muvozanatiga quyidagi bir qator omillar salbiy ta`sir etishi mumkin:

  • birinchidan, badallarni to`lovchilarning pensiya oluvchilarga nisbatan ancha kamligi pensiya tizimining barqarorligi mezonini ta`minlashga ta`sir ko`rsatadi, buning oqibatida mehnatga layoqatli aholining 60 foizdan ko`prog`i ijtimoiy sug`urta tizimi bilan qamrab olinmay qoladi;
  • ikkinchidan, pensiya ta`minotining rag`batlatlantiruvchi va shaffof mexanizmlari yo`qligi pensiya miqdori va to`lanayotgan ijtimoiy ajratmalar summasi o`rtasidagi bog`liqlikning zaiflashuviga olib keldi;
  • uchinchidan, pensiya yoshidagi shaxslar ulushi ortib borayotganligi kuzatilmoqda, oxirgi davrlarda yoshga doir tayinlangan pensiyalar soni bir yilda 200 mingtadan ortdi;
  • to`rtinchidan, sovet davrida belgilangan pensiyaga chiqish huquqini beruvchi yosh, jamiyatdagi ijtimoiy barqarorlik va uzoq umr ko`rish yoshining ortishi natijasida boshqa davlatlarga nisbatan eng past bo`lib qolmoqda.

Shu munosabat bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti tizimini isloh etish konsepsiyasini ma`qullash taklif etilmoqda:

birinchidan, quyidagi yo`llar bilan fuqarolarning ijtimoiy sug`urta tizimida ishtirok etishini rag`batlantiruvchi mexanizmlarni joriy etish:

pensiyani hisoblab chiqarish uchun qabul qilinadigan o`rtacha oylik ish haqining cheklangan miqdorini EKIHning 8 barobaridan 10 barobarigacha oshirish, bu tartibni avval tayinlangan pensiyalarga ham tatbiq etishni ko`zda tutish;

erkaklar uchun 35 yil, ayollar uchun 30 yildan ortiq ish stajining har bir to`liq yili uchun EKIHning 10%i miqdorida pensiyalarga ustamalar to`lash orqali pensiya miqdorlarini oshirish;

54 yoshidan pensiyaga chiqish huquqi bo`lgan ayollar umumiy belgilangan yoshda pensiya rasmiylashtirgan taqdirda ularning pensiyalariga EKIHning 10%i miqdorida ustama belgilashni joriy etish;

ikkinchidan, quyidagi tarzda ijtimoiy adolatni ta`minlash chora-tadbirlarini:

barcha ishlovchi pensionerlarga mehnat faoliyati davrida pensiya to`lovlarini to`liq olish huquqini berish;

zarur mehnat stajiga ega bo`lmagan keksalar va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga to`lanayotgan nafaqa miqdorida III guruh nogironligi bo`lgan shaxslar uchun nafaqa tayinlash mexanizimini joriy etish;

qariyalar uyi (pansionat)da yashovchi yolg`iz pensionerlar va nogironlarga tayinlangan pensiya miqdorining 50%i to`lash huquqini belgilash;

uchinchidan, quyidagilar vositasida, shu jumladan jamg`arib boriladigan pensiya ta`minoti tizimida fuqarolarning ixtiyoriy ishtirok etishini rag`batlantiruvchi chora-tadbirlarni qo`llash:

pensiya yoshiga etgan, biroq zarur mehnat stajiga ega bo`lmagan shaxslarga pensiya hisoblashda har bir etishmayotgan oy (davr) uchun eng kam oylik ish haqi miqdorida sug`urta badallarini to`lash huquqini berish;

ishlovchi shaxslarga mehnatga haq to`lash ko`rinishidagi daromadlari hisobidan ishlamayotgan oila a`zolari uchun ixtiyoriy ravishda har bir oy uchun eng kam oylik ish haqi miqdorida qo`shimcha sug`urta badallari to`lash huquqini berish;

jismoniy shaxsning jamg`arib boriladigan hisobraqamiga o`tkazib boriladigan mablag`lar hisobidan jozibador oraliq bonusli pullik to`lovlar sxemalarini qo`llash;

to`rtinchidan, quyidagilarni nazarda tutadigan pensiya ta`minoti tizimini shakllantirish:

pensiya tayinlash uchun talab etiladigan minimal stajni 2020 yildan boshlab bosqichma-bosqich bir yildan oshirib, uni 10 yilga etkazish;

xalqaro amaliyotni chuqur o`rgangan hamda MDH mamlakatlari tajribasini tahlil qilgan holda pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish.

Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti tizimini yanada isloh etish bo`yicha takliflarni ishlab chiqish va o`rganish bo`yicha ishchi komissiya tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

Ishchi komissiya:

alohida toifadagi fuqarolarning pensiyalariga qo`shimcha haqlar va asossiz ustamalar, samarasiz imtiyozlar bo`yicha takliflar kiritishi;

pensiya va ijtimoiy nafaqlarni hisoblashning soddalashtirilgan tartibini joriy qilish bo`yicha takliflar kiritishi;

yangi tahrirdagi «Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida»gi Qonun loyihasi ishlab chiqilishini ta`minlashi;

pensiya va ijtimoiy nafaqalarni tayinlash va to`lashda ilg`or axborot texnologiyalarini joriy etish bo`yicha takliflar ishlab chiqishi zarur.

Byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi:

AT Xalq banki bilan birgalikda 2018 yilning oxiriga qadar pensiya va ijtimoiy nafaqalarni etkazib berishda innovasion interaktiv xizmatlarni joriy qilishi, shu jumladan pensiya va nafaqa oluvchilarning autentifikasiyasini ta`minlovchi mobil va kontaktsiz texnologiyalarni joriy etishi;

Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2019 yilning 1 iyuliga qadar server uskunalarini xarid qilish hamda pensiya va ijtimoiy nafaqalarning avtomatlashtirilgan hisobini yuritish, ularni tayinlash va to`lash bo`yicha dasturiy kompleksning yangi versiyasini joriy etish choralarini ko`rishi nazarda tutilgan.

Loyiha rad etilishi, unga qo`shimcha kiritilishi yoki o`zgartirilishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar