"Mening fikrim" jamoaviy murojaatlar portalida Toshkent metro bekatlari va boshqa jamoat joylarida umumiy hojatxonalarni tashkil qilish haqida petisiya paydo bo`ldi.
Taklifda jamoat joylarida umumiy hojatxonalarni tashkil qilishga etarlicha e`tibor qaratilmayotgani tanqid qilingan. Zamonaviy talablarga javob beradigan hojatxonalar barpo qilish nafaqat mahalliy aholi, balki mamlakatga tashrif buyurayotgan mehmonlarimiz uchun ham qulaylik yaratishi alohida ta`kidlab o`tilgan.
"Bugungi kunda poytaxtimiz aholisi ko`payib borayotganini hisobga olib, ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga katta e`tibor qaratilmoqda. Biroq jamoat joylarida umumiy hojatxonalarni tashkil qilishga etarlicha e`tibor qaratilmayapti. Zamonaviy talablarga javob beradigan hojatxonalar barpo qilish nafaqat xalqimiz uchun, balki yurtimizga tashrif buyurayotgan mehmonlarimiz uchun ham qulaylik yaratadi.
Yoshi ulug` kishilar, bolalar va bemorlar bu borada zarurat tug`ilganda anchagina noqulay ahvolda qolishadi. Oddiy hojatxonalar bilan birga xorijiy davlatlarga o`xshab chaqaloqlarni yo`rgaklash xonalari, imkoniyati cheklangan kishilar uchun maxsus hojatxonalar barpo etilsa, nur ustiga a`lo nur bo`lar edi", - deyiladi murojaatda.
Shuningdek murojaat muallifi umumiy hojatxonalarning joylashuvi bo`yicha ham bir qator takliflarini bergan.
"Hojatxonalarni avvalo metro bekatlarida qurishdan boshlash kerak. Bunda albatta har bir bekatning har ikki chiqish tarafiga qurilsa, qulayroq bo`lardi. Metro bekatlaridan tashqari boshqa jamoat joylarida ham shunday tipdagi hojatxonalar qurish mumkin. Hojatxonalarni ko`paytirish bilan birga ularda xizmat ko`rsatish sifatiga, sanitariya-gigiena holatiga qattiq e`tibor berish lozim", - deb yozgan muallif.






