Toshkent shahar IIBBga deyarli har kuni daraxtlarning ruxsatsiz kesilayotgani, butalanayotganiga oid qo`ng`iroqlar bo`ladi. Har bir murojaat tegishli tartibda IIBB, shahar hokimligi va Atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologiya davlat qo`mitasining xodimlari tomonidan o`rganib chiqiladi va bu jarayon ma`lum vaqtni o`z ichiga oladi, deb xabar bermoqda poytaxt IIBB axborot xizmati.
5 va 6 avgust kunlari 102 raqamiga Chilonzor tumanidan ikkita xabar kelib tushgan. Birinchi holatda 4-uyning oldida, M.Ixtiyorjonga tegishli xususiy korxona binosi qurilayotgan hududda korxona ishchilari tomonidan shumtol daraxtining uchlari kesib tashlangani aytilgan. Undan esa 2 metrlik daraxt tanasining o`zi qolgan. Tekshiruvlar natijasida ushbu daraxtni kesish uchun Ixtiyorjonda ruxsat bo`lmagani aniqlangan. Shu bois, huquqbuzarga nisbatan Bionazorat tomonidan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 162-moddasiga («Shaharlardagi daraxtlarni shikastlantirish yoki ularni o`zboshimchalik bilan kesib tashlash») muvofiq bayonnoma rasmiylashtirilib, EKIX 1 baravari miqdorida jarima solindi.
6 avgust kuni Chilonzor tumani 6 kvartalda yashovchi boshqa bir fuqarodan ham qo`ng`iroq bo`ldi. Uning xabar berishicha, yangi qurilish ob`ektlaridan birining oldida noma`lum shaxslar terak daraxtlarini kesishgan. Biroq, voqea joyiga etib borgan profilaktika inspektorining vaziyatga oydinlik kiritishicha, hech qanday qoida buzilish holatlari kuzatilmagan. Aksincha, daraxtlar qurigan shoxlardan tozalanayotgan bo`lgan.
Xuddi shunga o`xshash voqea Mirzo Ulug`bek tumanida ham ro`y berdi. Qorasuv-4 dahasida yashovchi fuqaro murojaati yuzasidan tekshiruv o`tkazilganda ma`lum bo`ldi-ki, shikoyatchining qo`shnisi hokimiyatga murojaat qilib, manzarali daraxtning qurigan shoxlarini kesib tashlashlarini so`ragan ekan. Qo`shnilarning so`zlariga ko`ra bu shoxlar istalgan vaqtda sinib tushishi va ziyon etkazishi mumkin edi.
5 avgust kuni Mirobod tumanidan ko`pchilik nomidan qo`ng`iroq bo`lib, Amir Temur ko`chasidagi 24-uy hovlisida noma`lum shaxslar bir necha yillik daraxtlarni kesishayotganidan shikoyat qilishgan. Manzarali daraxtlar ekilgan joyda esa MChJ uchun bino qurilayotgan ekan. Tekshiruv natijasida MChJ rahbariyati Atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologiya davlat qo`mitasi ruxsatini kutib o`tirmasdan haqiqatdan ham 5ta manzarali daraxtlarni kesgani ma`lum bo`ldi.
Bunga javoban ushbu jamiyat vakillari O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shu yil 31 martdagi «Tabiatdan foydalanish sohasida davlat xizmatlari ko`rsatishning ayrim ma`muriy reglamentlarini tasdiqlash to`g`risida»gi qarorini dalil sifatida keltirishgan.
Ushbu qarorning 1-ilovasida («Davlat o`rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga ruxsatnoma berish bo`yicha davlat xizmatlari ko`rsatishning ma`muriy reglamenti») shunday deyiladi: Davlat o`rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga faqat sanitariya maqsadlarida hamda binolar, inshootlar va kommunikasiyalarni qurish va rekonstruksiya qilish bilan bog`liq holda yo`l qo`yiladi.
Unda shuningdek, yuridik yoki jismoniy shaxsning mulki bo`lgan va ular tomonidan yog`och-taxta va hosil olish uchun ekilgan daraxtlar va butalarni (terak va boshqa tez o`suvchi navlar, tut plantasiyalari, mevali daraxtlar va butalar) kesishga ruxsatnoma talab etilmasligi ham belgilab qo`yilgan.
Biroq, MChJ ushbu holatda ham daraxtlarni kesishga ruxsatnoma olishi kerakligi aytildi. Chunki bu daraxtlar qarorda belgilangan maqsadlar uchun aynan ular tomonidan ekilmagan. Qolaversa, reglamentning 3-bandida davlat o`rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ruxsatnoma olmasdan kesish taqiqlanishi qayd etilgan. Hozirda MChJning xatti-harakati tegishli organlar tomonidan o`rganilmoqda.
"Hurmatli hamshaharlar! Shahar hududida daraxtlarning tegishli ruxsatnomasiz kesilishi holatlari yuzasidan 102 shoshilinch telefon raqamiga yoki Ekologiya qo`mitasining 277-75-43 ishonch telefoniga, shuningdek uning hududiy Bionazorat bo`linmalarining 268-36-86 telefon raqamiga qo`ng`iroq qilishingiz mumkinligini ma`lum qilamiz", - deyiladi IIBB xabarida.






