“O`zbekiston havo yo`llari” Milliy aviakompaniyasi aviamarketing sohasidagi yutuqlari uchun Qozon shahrida bo`lib o`tgan "Netwopk 2018" forumida Evroosiyo mukofoti bilan taqdirlandi. Bu haqda MAK axborot xizmati xabar qildi.
“O`zbekiston havo yo`llari” Milliy aviakompaniyasining Qozondagi vakolatxonasi 29-iyuldan 1-oktyabrgacha mazkur shaharda yo`nalishlarni rivojlantirish bo`yicha bo`lib o`tgan "Network-2018" Evroosiyo forumida ishtirok etdi.
To`rt kun davom etgan forumda aviakompaniyalar, aeroportlar, mintaqaviy sayyohlik markazlari, aviasiya infratuzilmasi va turizmni rivojlantirish uchun mas`ul bo`lgan federal va mintaqaviy idoralar vakillari hamda dunyoning barcha hududlaridan kelgan sayyohlik operatorlari qatnashdi.
Network muzokaralar dasturi ushbu anjumanning asosiy tadbiri bo`ldi. Dunyoning 200 dan ortiq mashhur aviakompaniyalari vakillari “B2B” formatidagi uchrashuvlarda ishtirok etib, yo`nalish tarmog`ini kengaytirish, aviakompaniyalarning rejalashtirish strategiyasini shakllantirish va sohani rivojlantirish tendensiyalarini muhokama qilish imkoniga ega bo`ldi.
Forum doirasida Evroosiyo mintaqasidagi fuqaro aviasiyasi korxonalari, aviakompaniyalar va aeroportlar o`rtasida aviasiya marketingi sohasida Evroosiyo mukofoti laureatlarini taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi. O`zbekistonning Milliy aviakompaniyasi “Marketing awards 2018”nominasiyasi g`olibi bo`ldi.
Ma`lumot uchun: Evroosiyo mukofoti Rossiya fuqarolik aviasiyasi Strategik rivojlanish markazi tomonidan tashkil etilgan bo`lib, aviakompaniya va aeroportlarning tijoriy va marketing faoliyatini ma`lum mezonlar va sifat ko`rsatkichlari bo`yicha ob`ektiv baholash yo`li bilan laureatlarni tanlab olishni ko`zda tutadi.






