Ijtimoiy tarmoqlarda eski haydovchilik guvohnomalarini yangi namunadagisiga almashtirish tartibi o`zgarganligi, ushbu jarayon murakkablashganligi haqida ma`lumot tarqalgan edi.
Adliya vazirligidan olingan xabarlarga ko`ra, mazkur ma`lumotlarning to`g`ri ekanligi tasdiqlandi. Bu haqda O`zA xabar qilmoqda.
Endilikda avvalgi hujjatlar ro`yxatiga (pasport, haydovchilik guvohnomasi hamda talon)ga qo`shimcha ikkita hujjat – tibbiy ma`lumotnoma hamda imtihon varaqasi qo`shildi.
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 2 martdagi qaroriga ko`ra, haydovchilik guvohnomalarini almashtirishni nazarda tutuvchi soddalashtirilgan tartib 2020 yilning 31 dekabriga qadar amalda bo`ladi.
Adliya vazirligi yagona davlat huquqiy siyosatini yuritishga vakolatli organ sifatida Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda fuqarolarga qulay sharoitlar yaratish maqsadida Davlat xizmatlari markazlarida va IIV tuzilmalarida haydovchilik guvohnomalarini yangi turdagisiga almashtirish avvalgi tartibga asosan amalga oshirilishi haqida tushuntirish bermoqda.