Bundan bir kun avval www.uzlidep.uz saytida chop etilgan “Buloqboshilik dehqonlarning dardini kim eshitadi?” sarlavhali maqolani barcha maslakdoshlarimiz qatori O‘zLiDeP Qibray tuman Kengashi faollari sinchkovlik bilan o`qidi. Ochig`i, maqolada bugungi kundagi eng dolzarb masala ko`tarilgan. Chunki bu muammo faqatgina buloqboshilik dehqonlarni emas, balki bizni fermerlarni ham qiynab kelyapti.
Sababi, maqola chop etilganidan so`ng, partiyamizga shu masala bo`yicha Qibray tumanidagi fermerlar tomonidan ham murojaatlar kelib tushdi. Unda aytilishicha, Buloqboshida bo`lgani kabi Qibrayda ham huddi shu ahvol emish. Shu bois, mutasaddilarni faollikka chorlash va dehqonlarni qiynayotgan muammolarga tezroq echim topish maqsadida Qibray tumaniga borishga majbur bo`ldik.
Tashrif davomida Prezidentimizning 2017 yil 21 avgustdagi “2018 yil hosili uchun avgust piyozi va sarimsoqpiyoz hamda to`qsonbosti usulida sabzavot ekinlarini joylashtirish, ekish uchun talab etiladigan moddiy-texnika resurslarini o`z muddatida etkazib berish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori ijrosini ta`minlash borasida tumanda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdik. Afsuski, tumanda mazkur hujjat ijrosini ta`minlash bo`yicha bir qator muammolar borligi aniqlandi.
Xususan, “Qibray Impeks” fermer xo`jaligi rahbari Abdusamad Ubaydullaev 2 gektarga yaqin er maydonida dehqonchilik qiladi. Shundan 70 sotig`iga sarimsoqpiyoz ekkan. Ko`rsatilgan sug`orish va o`g`itlash ishlari natijasida 8 tonnadan ortiq hosil olgan. Biroq bu foyda tugul, ekin parvarishi uchun sarflagan mablag`ni ham qoplamaydi. Chunki fermer hosilni yig`ib olgunga qadar 19 mln. so`mdan ortiq mablag` sarflagan.
– Hosilku mo`l, lekin uni sotish muammo, – deydi fermer. – Mahalliy bozordan haridor topdik, ammo ular biz aytgan narxga rozi bo`lishmadi. Ichki bozorda sarimsoqpiyoz ko`pligi bois narx tushib ketgan. Eksport qilishni o`ylab, Malayziya davlatidan talab borligini aniqladik. Lekin ular ham biz aytgan narxni berolmasliklarini ma`lum qilishdi. Axir mahsulotni ziyoniga sotolmaymizku. 8 tonna mahsulotni 800 so`mdan sotgan taqdirimizda ham 6 mln. 400 ming so`m bo`lar ekan. Hisoblab ko`rsak, foyda tugul 12 mln. so`mdan ortiq zarar ko`rarkanmiz.
Muloqot chog`ida fermerga bu jarayonni tuman hokimligi yoki sektor rahbarlari o`rgandimi, Prezidentimizning №3230 sonli qarori asosida kontraktasiya shartnomalarini imzoladingizmi?, degan savol bilan murojaat qildik. Biroq ular: “Ekishdan avval topshiriq bergandi, ammo undan keyin ularni ko`rmadik, shartnoma ham imzolaganimiz yo`q”, dedi.
Vaholanki, Prezidentimizning bu boradagi qarori bilan ushbu masalada bir qator tashkilotlar, xususan, “O`zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi hamda “O`zagroeksport” aksiyadorlik jamiyatiga fermer va dehqonlarga bu masalada yordam ko`rsatish borasida aniq vazifa yuklatilgan edi.
Xo`sh, bugun mazkur tashkilotlar bu muammoga echim topayaptimi? Davlat rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosiga kirishganmi? Nega ular fermer va dehqonlarni qiynayotgan muammolarga befarq? Viloyat, tuman mutasaddilarichi?
Shu va boshqa savollarga javob topish uchun tuman hokimiyatiga yo`l oldik. Ammo u erdan shu masalaga mas`ul bo`lgan xodimlarni topa olmadik. Shundan so`ng tumandagi O`zbekiston fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari kengashi raisi vazifasini bajaruvchi Nig`matilla Soatov bilan suhbatlashdik.
Ular hududda haqiqatdan ham hokimiyat qo`ygan reja asosida sarimsoqpiyoz ekib, bugungi kunda uni sotishda qiyinchilikka uchrayotgan fermerlar borligini tasdiqladi. Ushbu muammoni hal etish bo`yicha 2 ta eksportyor jalb qilinganini, ular sarimsoqpiyozning 1 kilogrammi uchun 1000 so`mdan 1500 so`mgacha narx taklif qilishayotganligini aytdi. Agar fermer o`z mahsulotini shu narxda sotsa, daromad tugul sarflagan harajati ham chiqmaydiku. Axir fermerlar ham to`y qilishi, bolasini o`qitishi, so`nggi rusumdagi mashina olishi kerak-ku! Lekin ichki bozorlarda sarimsoqpiyozning narxi bu ahvolda bo`lsa, fermer qachon mashina oladi, qachon imorat soladi?
Nega yuqorida qayd etilgan Prezidentimiz qarori bilan mazkur masalaga mas`ul etib belgilab qo`yilgan tashkilotlar, viloyat, tuman mutasaddilari dehqonlarning dardiga jiddiy e`tibor qaratmayapti? Bu bo`yicha tashkil etilgan maxsus komissiya a`zolarichi?
Savollar ko`p, ularga tegishli soha vakillari o`z vaqtida javob berishlarini, dehqonlarni qiynayotgan ushbu muammoni hal etish borasida tezroq amaliy ishga kirishishlarini istar edik.
Partiya faollarining bu boradagi o`rganishlari davom etadi.
O‘zLiDeP Qibray tuman Kengashi






