Eslatib o`tamiz, Prezidentning 16.08.2017 yildagi «O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibini takomillashtirishga doir muhim chora-tadbirlar to`g`risida»gi PF–5156-son Farmoniga muvofiq, 2019 yilning 1 yanvaridan xorijga chiqish uchun ruxsat yozuvi stikerini rasmiylashtirish tartibi bekor qilinadi. Ular o`rniga esa xorijga chiqish uchun O`zbekiston fuqarolarining biometrik pasportlari joriy etiladi, deb yozmoqda Norma.
Shu tariqa, fuqarolarda 2 ta pasport bo`lishi mumkin:
- biometrik pasport (ichki pasport – tahr.) – O`zbekiston Respublikasining fuqaroligini va egasining shaxsini tasdiqlovchi, elektron tashuvchi qurilma (chip)ga ega bo`lgan hujjat;
- fuqaroning xorijga chiqish uchun biometrik pasporti («xorijiy pasport» – tahr.) – xorijga chiqish va mamlakatimiz hududiga kirish, shuningdek xorijda bo`lish paytida O`zbekiston Respublikasining fuqaroligini va egasining shaxsini tasdiqlovchi, elektron tashuvchi qurilma (chip)ga ega bo`lgan hujjat.
«Xorijiy pasport» yoshga qarab quyidagi muddatga beriladi:
- tug`ilgan kundan 1 yoshgacha – 2 yil;
- 1 yoshdan 16 yoshgacha – 5 yil;
- 16 yoshdan oshgan shaxslarga – 10 yil.
Uni rasmiylashtirish uchun esa quyidagi hujjatlarni talab qilish taklif etilmoqda:
Respublika ichida rasmiylashtirishda | Vaqtincha konsullik hisobida turganlar uchun konsullik muassasasida rasmiylashtirishda | Doimiy konsullik hisobida turganlar uchun konsullik muassasasida rasmiylashtirishda |
- belgilangan shakldagi ariza-anketa;
- tashkilotning belgilangan namunadagi yozma iltimosnomasi – fuqaro mazkur tashkilot tomonidan xorijga yuborilayotgan bo`lsa;
- biometrik pasport yoki ID-karta;
- 16 yoshga to`lmagan fuqarolar uchun biometrik pasport yoki tug`ilganlik haqida guvohnoma yoxud ID-karta;
- ilgari berilgan xorijga chiqish uchun biometrik pasport (mavjud bo`lganda);
- vakolatli organning qarori (xorijga chiqish uchun biometrik pasport ashyoviy dalil sifatida olib qo`yilganda);
- harbiy yoki qayd etish guvohnomasining nusxasi (harbiy xizmatga majburlar uchun);
- davlat boji to`langanligi haqida kvitansiya;
- fuqaro xorijga chiqishiga ota-onasi, vasiy (homiy)larining notarial tasdiqlangan roziligi (voyaga etmaganlar uchun);
- fuqaroga hamrohlik qiluvchi shaxsning notarial tasdiqlangan majburiyati (voyaga etmaganlar uchun).
| - belgilangan shakldagi ariza-anketa;
- ilgari berilgan biometrik pasport yoki xorijga chiqish uchun biometrik pasport (mavjud bo`lganda);
- tug`ilganlik haqida guvohnoma (16 yoshga to`lmagan fuqarolar uchun);
- harbiy yoki qayd etish guvohnomasining nusxasi (harbiy xizmatga majburlar uchun);
- fuqaro xorijga chiqishiga ota-onasi, vasiy (homiy)larining notarial tasdiqlangan roziligi (voyaga etmaganlar uchun);
- fuqaroga hamrohlik qiluvchi shaxsning notarial tasdiqlangan majburiyati (voyaga etmaganlar uchun);
- biometrik pasportni yoki xorijga chiqish uchun biometrik pasportni yo`qotib qo`yganligi haqidagi ma`lumotnoma (pasportni yo`qotib qo`yganda);
- konsullik yig`imi va boshqa yig`imlar to`langanligi haqida kvitansiya.
| - belgilangan shakldagi ariza-anketa;
- ilgari berilgan biometrik pasport yoki xorijga chiqish uchun biometrik pasport (mavjud bo`lganda);
- tug`ilganlik haqida guvohnoma (16 yoshga to`lmagan fuqarolar uchun);
- biometrik pasportni yoki xorijga chiqish uchun biometrik pasportni yo`qotib qo`yganligi haqidagi ma`lumotnoma (pasportni yo`qotib qo`yganda);
- konsullik yig`imi va boshqa yig`imlar to`langanligi haqida kvitansiya.
|
Ma`lumot uchun: O`zbekiston fuqarolari 1.01.2021 yilga qadar kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilmaydigan davlatlar hududiga ichki pasportdan foydalangan holda chiqishlari mumkin. Ular pasportning amal qilish muddatida xorijda bo`lish uchun ham haqiqiy hisoblanadi.
Loyiha o`zgartirilishi, unga qo`shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.