AsosiyJamiyat

Buloqboshilik dehqonlarning dardini kim eshitadi?

'Buloqboshilik dehqonlarning dardini kim eshitadi?'ning rasmi

Ayni paytda buloqboshilik dehqonlarning boshi qotgan. Sababi, kech kuzda “yig`im-terimdan yaxshi daromad olamiz” deya ne-ne umidlar bilan erga urug` ekkan dehqonlar foyda tugul, ekin parvarishi uchun sarflagan mablag`iga kuyib qolyapti. O`tgan yili ichki bozorlarda boshqa sabzavotlar qatorida, sarimsoqpiyoz ham ancha xaridorgir bo`lib turgan bir paytda Buloqboshida nega vaziyat shu darajaga etdi?

– 8 gektar maydonda dehqonchilik qilamiz. Shundan 4 gektariga to`qsonbosti usulida sarimsoqpiyoz ekkan edik, – deydi “Qozoqboy Uchtepa” sabzavotchilik fermer xo`jaligi rahbari Alisher Qozoqov. – Hosil yig`ishtirib olingan hozirgi paytda ulgurji xaridorlar sarimsoqpiyozning kilogrammini 800-1000 so`mdan sotib olmoqda. Axir bu – daromad tugul sarflagan harajatni ham qoplamaydiku. Sotmaylik, desak, bu ham ziyon. Chunki ekin ekayotganimizda 10 million so`m atrofida harajat qilganmiz. Hosilni yig`ishtirib olgunga qadar esa 30 million so`mdan ziyod mablag` sarfladik. Bu faqat xarajatlarning o`zi xolos. Bundan tashqari, uning mehnati-chi?! Sug`orish mayliku-ya, ammo begona o`tdan tozalash azob. To`g`risi, sarimsoqpiyoz ekishdan ko`nglimiz sovib ketdi. Birgina meni emas, boshqa fermerlarning ham hafsalasi pir bo`ldi.

Shu o`rinda savol tug`iladi. Xo`sh, bugun u tashkilotdan, bu tashkilotga mahsulotini sotish uchun ko`mak so`rab yurgan fermerlarning muammosiga nega hamma befarq? Yoki tuman mutasaddilari va eksport bo`yicha mas`ul bo`lgan “O`zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi hamda “O`zagroeksport” aksiyadorlik jamiyati bundan bexabarmi? Qolaversa, Prezidentimizning tegishli qarori bilan ushbu masalada bir qator tashkilotlarga fermer va dehqonlarga bu masalada yordam ko`rsatish borasida aniq vazifa yuklatilgan edi. Qani ular? Nimaga fermer va dehqonlarni o`z muammosi bilan yakkama-yakka tashlab qo`yishdi? Davlatimiz rahbari tomonidan tomorqaning har qarichidan unumli foydalanish, mahsulot etishtirishdan tortib, uni saqlash, eksport qilish bo`yicha qulay tizim yaratish, dehqonlarga har tomonlama ko`mak berish bo`yicha mutasaddilar oldiga qo`ygan talab Buloqboshi tumaniga taalluqli emasmi? Xullas, savollar juda ko`p. Ammo unga aniq javob olish mushkul.

Darvoqe, bugun bu muammo faqat Alisher akani qiynayotgani yo`q. Aksincha hududdagi Uchtepa, Tinchlik va Zarg`aldoq mahallalarida yashovchi 10 ming tonnagacha sarimsoqpiyoz etishtirib qo`ygan dehqonlarni ham qiynayapti. Lekin hali-hamon negadir mutasaddilar jim. Vaholanki bugun tuman aholisining ko`pchiligi dehqonchilik ortidan kun kechiradi, ro`zg`or tebratadi, bolasini o`qitadi.

– Aholimiz asosan dehqonchilik bilan tirikchilik qiladi, – deydi “Tinchlik” MFY raisi Abdumo`min Ismatov. – Etishtirgan hosil sotilsa fuqarolarimizning oilaviy daromadi ko`payib, turmush sharoiti yanada yaxshilanadi. Biz ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida bir necha marotaba tuman hokimligiga murojaat qildik, hatto bunga mas`ullar bilan suhbatlashdik. Lekin hozirga qadar natijadan darak yo`q.

Bugun Prezidentimiz har chiqishlarida “Davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan fikrni bot-bot takrorlayapti. Bu ham bejiz emas, albatta. Chunki davlat rahbari bu bilan anchadan buyon uxlab yotgan rahbarlar uyg`onsin, odamlarning katta-kichik muammolarni hal etsin deya ta`kidlayapti. Lekin ming afsuski, buloqboshilik fermerlarning arzi, murojaatiga hech kim quloq tutayotgani yo`q.

Ushbu muammoli masalalarga tegishli mutasaddi tashkilotlar xususan, “O`zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi hamda “O`zagroeksport” aksiyadorlik jamiyatlaridan javob kutamiz!

Aniqrog`i sizga ishonib bugun shu ahvolga tushgan dehqonlar javob kutib qoladi.

Bu kabi muammolar respublikamizning boshqa hududlarida ham mavjud. Bu haqda sizlarni xabardor qilib boramiz.

O‘zLiDeP Buloqboshi tuman Kengashi

    Boshqa yangiliklar