7 avgust kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida «ArMI—2018» Xalqaro armiya o`yinlarida ishtirokini yakunlab O`zbekistonga qaytgan Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilaridan iborat to`rtta jamoani kutib olish marosimi bo`lib o`tdi.
28 yo`nalishda o`tkazilayotgan Xalqaro armiya o`yinlarining 12 tasida ishtirok etayotgan o`zbekistonlik harbiy xizmatchilar «Yo`l patruli», «Harbiy ralli» va «Qurolsoz usta» turlari bo`yicha musobaqani muvaffaqiyatli yakunladi. Har uchchalasida ham vatandoshlarimiz faxrli 3-o`rinni egalladi.
To`rtinchi jamoa – harbiy kinologlar o`rtasidagi «Sodiq do`st» tanlovida ishtirok etgan harbiy xizmatchilar va xizmat itlariga ozgina omad etmadi. Tanlov yakuniga kelib, ularning reyting baholari sezilarli darajada pasayib ketgan bo`lsada, “Gita” laqabli Belgiya ovcharkasi nafaqat 300 metrli to`siqlar yo`lagidan o`tishda 1 daqiqayu 15 soniya natija bilan rekord o`rnatdi, balki “Himoya xizmati” shartidagi extimoliy dushmanni ushlash vaqtida uni sakrab bo`ynidan yiqitganida uncha muncha xizmat itlarining jismoniy qobiliyatini ko`rgan hakamlar diqatiga sazovor bo`ldi va tanlov qahramoniga aylandi.

Aeroportda hamyurtlarimizni Mudofaa vazirligi vakillari, ishtirokchilarning yaqinlari va qarindoshlari tantanali ravishda kutib oldi.
Ta`kidlash joizki, Moskva viloyatining Naginsk shahrida o`tkazilgan “Yo`l patruli” musobaqalarida O`zbekiston Mudofaa vazirligi Harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasi xodimlari ham jonbozlik ko`rsatishdi. Ular ikkin yildan beri faxrli 3-o`rinni qo`ldan boy berishmayapti.
“Ushbu nufuzli bellashuvda harbiy xizmatchilarimizning tajribalari tobora ortib bormoqda. Vakillarimizning ishtiroki boshqa mamlakatlar harbiy xizmatchilari diqqat markazida bo`ldi”, – deydi “Yo`l patruli” tanlovida ishtirok etgan jamoa sardori kapitan Dilshod Toshpo`latov.
Xalqaro armiya o`yinlari doirasidagi “Harbiy ralli”tanlovida o`zbekistonlik avto ustalari “Yakka tartibdagi poyga”, “Ta`qib bilan poyga”, “Otish tayyorgarligi” va “Guruh yordamida poyga” kabi 4 ta tur bo`yicha bahslashdi. Mazkur musobaqada jonbozlik ko`rsatgan o`zbekistonlik harbiy xizmatchilar yakuniy natijalarga ko`ra 3-o`ringa munosib deb topildi. 1-o`rinni rossiyaliklar qo`ldan bermagan bo`lsa, 2-o`rin xitoylik harbiylarga nasib etdi.
“Qurolsoz usta”tanlovida ham O`zbekiston harbiy xizmatchilari qo`yilgan vazifani (“Grad” reaktiv tizimidagi jangovar mashina ehtiyot qismlarini o`rnatish, mashina g`ildiragini almashtirish hamda undan o`t ochish) bajarishdakatta natijalarga erishdi. Ular olti mamlakat jamoasi ishtirokida besh bosqichda o`tkazilgan tanlovda 3-o`rinni qo`lga kiritdi.






