Qozog`iston g`arbida 52 kishining halok bo`lishiga sabab bo`lgan avtobusdagi yong`in bo`yicha jinoiy ishni sudda ko`rib chiqish noma`lum muddatga qoldirildi, deb xabar berdi RIA Novosti.
Mazkur ishni 7 avgust kuni Irgiz tuman sudida ko`rib chiqish belgilangan edi.
"Hozircha sud ishi qoldirildi... Ular (ayblanuvchilarning himoyachilari) sud ishini Aqto`bega ko`chirishmoqchi", - dedi agentlik suhbatdoshi. Uning aytishicha, Irgiz qishlog`ida advokatlarning yashashlari uchun sharoitlar mavjud emas.
Haydovchilar Barat Tanatarov, Nurjan Kirgizbaev va Maksat Pernebekovlar yong`in xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslikda ayblanib hibsga olingan edi. Keyinchalik haydovchilar bilan birga ayblanuvchilar qatoriga mexanik Bahodir Berdibaev va avtobus firmasi direktori Nurlibek Telepbaevlar ham qo`shilgan.
Haydovchilardan ikki nafari – Nurjan Kirgizbaev va Maksat Pernebekovlar o`z ayblarini qisman tan olishgan.
Eslatib o`tamiz, 18 yanvar kuni Qozog`istonda yo`lovchi avtobusi yonib ketishi oqibatida 52 kishi halok bo`ldi. Ular O`zbekiston fuqarolari edi.






