Hukumat qarori bilan Davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining virtual makonda ishtirokini faollashtirish konsepsiyasi va uni amalga oshirishi bo`yicha “Yo`l xaritasi” tasdiqlandi.
Konsepsiyani amalga oshirishning asosiy yo`nalishlari sifatida axborotlashgan jamiyatni jadal shakllantirish, jumladan, davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining veb-resurslarini fuqarolar, fuqarolik jamiyati institutlari va biznes tuzilmalarning intellektual va axborot ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda tashkil etish nazarda tutilgan, deb yozadi "Huquqiy axborot" kanali.
“Yo`l xaritasi”da tegishli yo`nalishlarda amalga oshiriladigan turli chora-tadbirlar belgilandi.
Xususan, “Vikipediya” internet-ensiklopediyasini O`zbekiston to`g`risidagi ma`lumotlar bilan to`ldirish, uning o`zbek tilidagi versiyasi mundarijasini boyitish, ijtimoiy tarmoqlarda “Virtual dunyoda O`zbekiston muzeylari” loyihasini ishlab chiqish, yurtimizning global virtual makondagi turistik salohiyatini ta`minlashga qaratilgan “Visit Uzbekistan” (“Uzbekistan – your dreams”, “O`zbekiston – orzuingizdagi mamlakat”, “Wonderful Uzbekistan”, “G`aroyib O`zbekiston”) kabi loyihalarni amalga oshirish vazifalari ko`rsatib o`tilgan.
Sog`liqni saqlash sohasida fuqarolarga masofadan tibbiy yordam ko`rsatish va shifokorlarning, ayniqsa, qishloq joylarida faoliyat yuritishini ta`minlash uchun teletizimlarni joriy etish, onlayn-diagnostika faoliyatini yo`lga qo`yish singari chora-tadbirlar amalga oshiriladi.






