AsosiyJamiyat

Sirtqi ta`lim shakliga test sinovlari sanasi o`zgargani ma`lum qilindi

'Sirtqi ta`lim shakliga test sinovlari sanasi o`zgargani ma`lum qilindi 'ning rasmi

Test sinovlari Qurbon Hayitiga to`g`ri kelishi munosabati bilan abiturientlar va ularning ota-onalariga qulaylik yaratish maqsadida test sinovlari 2018 yil 17-20 avgust kunlariga ko`chirildi. Bu haqda bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduhakimov ma`lum qildi.

Avvalroq O`zbekiston Respublikasi ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilish bo`yicha Davlat komissiyasining 2018 yil 30 iyuldagi 4-son bayoni bilan oliy ta`lim muassasalarining sirtqi ta`lim shakliga test sinovlari 2018 yil 20 avgustdan boshlab o`tkazilishi belgilangan edi.

“Test sinovlari Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarda 17-18 avgust kunlari shu kunlarda test sinovi o`tkazilayotgan binolarda, Toshkent shahrida 17-20 avgust kunlari o`tkaziladi. Binolar manzillarini Davlat test markazining www.dtm.uz sayti orqali bilib olish mumkin”, deyiladi xabarda.

Eslatib o`tilishicha, Guliston davlat universiteti, Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti, Toshkent davlat texnika universitetining Olmaliq filiali va Toshkent davlat agrar universitetining sirtqi ta`lim shakliga hujjat topshirgan abiturientlar uchun test sinovlari Toshkent shahridagi binolarda bo`lib o`tadi.

Ma`lumot berilishicha, 2018/2019 o`quv yili uchun respublika oliy ta`lim muassasalarining sirtqi ta`lim shakliga qabul kvotasi 14 050 ta qilib belgilangan. Abiturientlar tomonidan 135 280 ta ariza topshirilgan.

Test sinovlari natijalari test o`tgan kunning ertasiga Davlat test markazining www.dtm.uz sayti orqali e`lon qilinadi.

    Boshqa yangiliklar