Shonli tarixga boy bu jamoa singari ko`p muxlisga ega klubni uchratmaysiz! Millat mehrini qozongan, “Xalq jamoasi” deya e`tirof etilgan jamoa ham yo`q!
U — “Paxtakor”! Oddiygina — “Paxtakor”!
Yarim asrdan ziyod tarixga ega yurtimizning eng bayroqdor jamoasining oltin avlodi bo`lgan “Paxtakor-79”ning Dneprodzerijinsk osmonidagi aviahalokatiga ham 39 yil bo`libdi.
Bilasizmi, futbol faqat yutuq va mag`lubiyatlardan iborat emas. Unda alamli yo`qotishlar, mudhish voqealar ham bo`ladi. Yo`qotish hissi senga sog`inch tuyg`usini in`om etadi. Har yili 11 avgust sanasi yaqinlashi bilan “Paxtakor-79” haqida yozishga tushamiz. Chunki xalq uni yaxshi ko`rardi.
Insonlar bilan muloqot qilsangiz, futbol haqida so`z ochsangiz, suhbat mavzusi albatta, o`tgan asrdagi paxtakorchilarga boqib taqaladi. Bir ko`zda yosh, boshqasida esa, quvonch hissi barq uradi. Toshkentda o`tadigan har o`yinida respublikaning turli hududlaridan tashrif buyuruvchi muxlislar tufayli o`yingohida joy topilmasligi haqida so`zlar qulog`imizga boshqacha jaranglaydi. Ertak eshitayotgandek tasavvur qilamiz o`zimizni. Arxivlardagi eski futbol kadrlari esa, bizga haqiqatdan so`zlaydi. Kievning “Dinamo” jamoasi darvozasiga javobsiz beshta to`p yo`llagan, mamlakat chempioni “Spartak”ni xotirjamlik bilan mag`lub qilganligi yodimizdan ko`tarilgani yo`q.
Bugun o`sha stadion yulduzlaridan ayrilib mung`ayib qolgandek go`yo.. Muxlislar tashrifi sezilarli kamayib ketgan, jozibasini yo`qotgan hozirgi “Paxtakor”ning mazmunsiz harakatlaridan jahlingiz chiqadi. Tanqid qilasiz. Ammo baribir ich-ichingizdan muxlislik qilasiz. Nega unday, bilasizmi? Bu tanqidlar, haqoratlarning zamirida o`sha eski jamoaga bo`lgan sog`inch, mehr hissi yotadi.

— O`sha payt, ya`ni aviahalokat ro`y berganida aynan Dneprodzerijinsk shahrida harbiy xizmatni o`tayotgandim, — deydi faxriy futbol ishqibozi sirdaryolik Sattorqul Mamadiev. — Kunduzi soat uchlar atrofida harbiy bo`linma komandiri askarlarga zudlik bilan bir joyga borishimizni aytdi. Yuk mashinamiz quyuq o`rmon ichiga kirib ketdi. Biroz o`tib yalanglikka chiqdik. Ko`z oldimda samolyot qoldiqlari sochilib yotardi. Bizga buyumlarni yig`ishtirishimizni aytildi. O`sha paytda ham bu qanday samolyot, undagi odamlar kim deb so`rash xayolimizga kelmagan. Nogahon “Paxtakor” yozuvli sumkani ko`rganimda esa yuragim to`xtab qolgandek bo`ldi.
Samoga sochilgan o`n etti paxtakorchi qalblarda mangu yashaydi. Har yili 11 avgust kuni eski muxlislarning qalb yarasi tirnaladi. Biz, yosh avlod esa, bu sog`inch, alam, iztirob nima ekanini tushunmaymiz. O`n etti paxtakorchining mangu orom topgan manzili tomon gul ko`tarib borayotgan odamlar oqimiga hayrat ila nazar tashlab turaveramiz.
Yillar o`tadi, ammo bu jamoa unutilmaydi. Chunki unutishga haqqimiz ham yo`q! O`zbek futboli deganda “Paxtakor-79” va uning shonli o`yini haqidagi afsonalar ko`z oldimizda gavdalanaveradi.
Sherzod Mahmudov, O`zA






