11 avgust kuni soat taxminan 4:40lar atrofida Qoraqalpog`iston Respublikasi Mang`it shahri “Xalqlar do`stligi” va “Buyuk Turon” ko`chalari kesishmasida joylashgan savdo do`konlarida yong`in sodir bo`lgan, deb xabar bermoqda O‘zA.
Amudaryo tuman YoXB boshlig`i H.Matyaqubovning ma`lum qilishicha, ushbu manzilga o`t o`chirish mashinalari soat 4:43da etib borib, ko`rilgan tezkor harakatlar natijasida yong`in qurshab olinib, soat 06:28da to`liq bartaraf etilgan hamda boshqa savdo do`konlari va qo`shni binolariga tarqalishining oldi olingan.
Yong`in oqibatida hech kim jabrlanmagan. Ammo yong`in 2 nafar tadbirkorga tegishli do`kon binolarini qurshab olgani sabab 180 kvadrat metr binolardagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari, jihozlar yonib ketgan.
Mazkur hodisa shu kuni yoqqan kuchli yomg`ir va yuqori tezlikda esgan shamol tufayli elektr tarmoqlarida ro`y bergan qisqa tutashuv oqibatida sodir bo`lgani taxmin qilinmoqda. Hozirda yong`in etkazgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.






