Ichki ishlar vaziri general-mayor P.Bobojonov rahbarligidagi Ishchi guruh joriy yilning 5-9 avgust kunlari Qoraqalpog`iston Respublikasining barcha shahar va tumanlarida o`rganish ishlarini olib bordi, deb xabar bermoqda O`zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi.
Xabarda aytilishicha, 9 avgust kuni Nukus shahrida Ichki ishlar vaziri raisligida hududlarda o`tkazilgan o`rganishlarning yakuniga bag`ishlangan kengaytirilgan yig`ilish bo`lib o`tdi.
Yig`ilishda Qoraqalpog`iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri A.Temirxanov, vazirning o`rinbosari – tergov boshqarmasi boshlig`i M.Rahmatullaev, YHXB boshlig`i A.Saliev hamda Nukus shahar, Nukus, Ellikqal`a, Amudaryo, Taxtako`pir, Qo`ng`irot, Muynoq, Beruniy, Xo`jayli, Qonlio`l, Shumanoy, Taxiatosh, Qorao`zak, Chimboy va To`rtko`l tumanlari IIB boshliqlari va o`rinbosarlarining ko`rib chiqilgan masalalar bo`yicha hisobotlari eshitildi.
Majlisda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyatini to`laqonli anglab etmasdan, bugungi kun talablariga javob bermaydigan, hanuz eskicha ish uslubi bilan ishlayotgan, fuqarolarning manfaati yo`lida jonbozlik ko`rsatmayotgan rahbar xodimlarga nisbatan intizomiy ta`sir choralari ko`rildi.

Xususan, xizmat vazifasiga loqaydlik va sustkashlik bilan munosabatda bo`lib, xizmatni samarali tashkil etish choralarini ko`rmaganligi, faoliyati davomida tizimli kamchiliklarga yo`l qo`yib kelganligi uchun To`rtko`l tumani IIB boshlig`i A.Ilyasov, Nukus shahar va Taxiatosh tumani IIBlari boshliqlarining birinchi o`rinbosarlari A.Artikov va A.Gulimbetov, Nukus shahar, Chimboy va Qorao`zak tumanlari IIBlari boshliqlarining yoshlar masalalari bo`yicha o`rinbosarlari N.Qdirbaev, R.Paulaniyazov va R.Qalandarov hamda Kegeyli tumani IIB 10-sonli ichki ishlar bo`linmasi boshlig`i A.Palibekovlar egallab turgan lavozimlaridan ozod etildilar.
Bundan tashqari, qator rahbarlarga nisbatan turli darajadagi intizomiy jazo choralari qo`llanildi.






