13 avgustda respublikadagi barcha 60 ta oliy ta`lim muassasasi va ularning 19 ta filiallarida test sinovlari muvaffaqiyatli yakunlandi. Bu haqda Bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduhakimov o`zining Faceboo‘dagi sahifasida ma`lum qildi.
Respublika oliy ta`lim muassasalariga kirish test sinovlarining o`n uchinchi kuni Surxondaryo viloyatidagi 1 ta oliy ta`lim muassasasida 2 smenada o`tkazilgan. Test sinovlarida 5 ta ta`lim yo`nalishida 1 ming 355 nafar abiturient ishtirok etgan, turli sabablarga ko`ra 17 nafar abiturient test sinovlariga kelmagan.
Test natijalari Surxondaryo viloyatidan Feldegerlik xizmati tomonidan maxfiyligi va daxlsizligini ta`minlagan holda Davlat test markaziga 23.00da etib keladi.
13 avgust test natijalari 14 avgust kuni kunning ikkinchi yarmida Davlat test markazining dtm.uz saytida joylashtiriladi.
Oliy ta`lim muassasasiga kirish uchun etarli ball to`play olmagan abiturientlar va ularning ota-onalarini eng ko`p qiziqtirayotgan masalaga ham Aziz Abduhakimovning sahifasida izoh berilgan. Qayd etilishicha, oshirilgan to`lov-kontrakt (superkontrakt) miqdori to`g`risidagi ma`lumot 2018 yil 15 avgustda Davlat test markazining dtm.uz va Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining edu.uz saytlarida e`lon qilinadi.






