AsosiyJamiyat

Sog`liqni saqlash vazirligida «tezkor aloqa» xizmati ishga tushirildi

'Sog`liqni saqlash vazirligida «tezkor aloqa» xizmati ishga tushirildi'ning rasmi

Sog`liqni saqlash vazirligining “Ishonch telefoni” – 1003 tarkibida kunu-tun faoliyat ko`rsatuvchi “tezkor aloqa” tarmog`i Respublika Perinatal markazida, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri perinatal markazlarida ishga tushirildi.

Sog`liqni saqlash vazirligi axborot xizmati bergan xabarga ko`ra, ushbu “tezkor aloqa”ning asosiy maqsadi real vaqt rejimida qizlar va ayollarga sifatli tibbiy maslahatlar berish, oilada notinch holatlar yuzasidan ayollar tomonidan bildirilgan murojaatlarga ko`ra oilani saqlab qolishga doir tegishli maslahatlar berish, reproduktiv salomatlik va jinsiy tarbiya yuzasidan aholi bilimi va madaniyatini oshirishga qaratilgan hamda qizlar va ayollarning murojaatlarida ko`tarib chiqilayotgan masalalarni tahlil qilish, umumlashtirish va sohaga oid tizimli muammolarning oldini olish borasida tegishli tashkilotlarga takliflar kiritishdir.

Mazkur sa`y-harakatlar 14 millionga yaqin ayollarimiz va qizlarimizga samarali akusher-ginekologik xizmati hamda ko`rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Eng muhimi, yuqori malakali tibbiy yordam kafolatlangan holda amalga oshiriladi va bu boradagi faoliyat davom ettiriladi.

Ta`kidlash joiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan joriy yil 2 fevralda imzolangan “Xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 mayidagi “Qizlar va fertil yoshidagi ayollarga ko`rsatiladigan akusher-ginekologik va tibbiy yordam xizmatlari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori asosida Qizlar salomatligi markazlari va bo`limlari hamda Ayollar maslahatxonalari tashkil etilgani xotin-qizlarimiz salomatligiga e`tibor yanada kuchayib borayotganidan dalolatdir.

    Boshqa yangiliklar