Respublikamiz bojxonachilari tomonidan tilla va zargarlik buyumlarining noqonuniy olib o`tilishiga doir navbatdagi bojxona qoidabuzarliklari fosh qilindi.
Andijon viloyati bojxona boshqarmasi. “Do`stlik” chegara bojxona posti hamda Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo`limi xodimlari respublikamizdan chiqib ketayotgan qo`shni davlat fuqarosi H.Yo.ning noqonuniy xatti-harakatlariga chek qo`yishdi.
Ushbu shaxs xolislar ishtirokida shaxsiy ko`rikdan o`tkazilganida, ichki kiyimlari orasiga salkam 130 gr. og`irliqdagi tilla taqinchoqlarni yashirgancha, olib chiqmoqchi bo`lganligi ma`lum bo`ldi.
O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki xuzuridagi qimmatbaho metallar agentligi Davlat asillik darajasini belgilash palatasining xulosasiga ko`ra, yo`lovchi bojxona deklarasiyasida ko`rsatilmagan va bojxona xodimlarining og`zaki so`rovi paytida ma`lum qilinmagan mazkur taqinchoqlarning umumiy qiymati esa 25 mln. 854 ming so`mni tashkil qildi.

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi. G`ishtko`prik chegara bojxona postida yurtimizga kirib kelgan respublikamiz fuqarolar Sh.N. va Sh.S.lar zargarlik buyumlarini olib kirishda jirkanch usuldan foydalanishdi. Ya`ni, bojxonachilarning ko`zini shamg`alat qilish maqsadida tilla taqinchoqlarni ichki kiyimlari va jinsiy a`zolariga bekitib, olib o`tishga urinishdi. Xususan, Sh.N.ga qiymati 14,5 mln. so`mdan ortiq bo`lgan jami 167 gr. og`irlikdagi, Sh.S.ga esa 12, 4 mln. so`mlik 149 gr. og`irlikdagi zargarlik buyumlarini olib o`tish “nasib” qilmadi.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi. Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo`limi xodimlari “Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida tilla va zargarlik buyumlarini xorijdan pochta jo`natmalari orqali yuborilishiga doir bojxona qoidabuzarligini fosh qilishdi.
Rossiyadan Farg`ona shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro M.M. nomiga yuborilgan pochta jo`natmasi belgilangan tartibda bojxona ko`rigidan o`tkazilganda, unda tegishli bojxona deklarasiyasida ko`rsatilmagan salkam 120 gr. og`irlikdagi 31 dona kumushdan ishlangan taqinchoqlar borligi aniqlandi.
Hozirda zargarlik buyumlari ushbu holatga aniqlik kiritilgunga qadar vaqtincha saqlovga olindi.






