Sevimli

Kelin bokira emasligini qanday sir tutdi, hojatxonaga tashlangan go`dakning otasi kim?

Jinoyat 17.08.2018, 16:03
Kelin bokira emasligini qanday sir tutdi, hojatxonaga tashlangan go`dakning otasi kim?

Xabaringiz bor, yil boshida yangi tug`ilgan chaqaloqlarni o`ldirishga urinish holatlari ko`plab kuzatildi. Farg`onada hojatxonada o`g`il chaqaloqni dunyoga keltirib, qasddan uch kun sovuq xonada saqlagan, Xorazmda qiz farzand tug`ib, uni sellofan xaltaga yashirib qo`ygan, fermaning tashlandiq qismida ko`zi yorib, go`dakni bo`g`ib o`ldirgan ayollar voqeasi bunga misol. Yaqinda shunga o`xshash hodisa Farg`ona viloyatining Oltiariq tumanida yuz berdi. Bir oylik kelinchak hojatxonada to`rt muchasi sog`lom qizaloqni dunyoga keltirib, uni o`ldirmoqchi bo`ldi.

Pinhona uchrashuvlar va to`y

... 2017 yil boshida Nigora (maqolada ism shariflar o`zgartirildi) Baxtiyor ismli harbiy yigit bilan tanishib qoladi. Avvaliga ular do`stona gaplashib yurishadi. So`ng bir – birlariga ko`ngil qo`yishadi. To`ladan kelganligi bois doim dugonalaridan ajralib turgan qiz Baxtiyor uni qattiq sevib qolgani, unga uylanmoqchi ekanligini bilib, es – hushini yo`qotadi. Galdagi uchrashuvlardan birida ikkisi hissiyotlarini jilovlay olmaydi...

Bo`lib o`tgan voqeadan qiz qattiq pushaymon bo`lgan bo`lsa ham mayli edi, afsuski, ular yana bir necha marotaba jinsiy aloqada bo`lishadi.

Yoz oylariga kelib, Nigora homilador ekanligini bilib qoladi. Bu haqida Baxtiyor bilganmi-yo`qmi, noma`lum. Oradan bir necha oy o`tib, bachadondan qon ketishi kuzatiladi. O`zicha «Homilam tushdi», deya xayol qilgan qiz, shifokorga ko`rinmaydi. O`zini-o`zi ovutar ekan, Olim bilan munosabatlari fosh bo`lmaganidan sevinardi.

2017 yilning noyabr oyida Nigora Hamdam ismli yigit bilan tanishib qoladi. Yigit qizga sovchi qo`yadi va 2018 yilning 1 mart sanasida ular turmush qurishadi.

Shu o`rinda savol tug`iladi: Nigora bokira emasligini qanday qilib sir tutdi? Zamonaviy tibbiyot sharofatimi bu yoki issiqsovuq, ilmu amalning kuchimi? Shunisi aniqki, yolg`on asosiga qurilgan oila ertamikechmi parokanda bo`ladi.

To`ydan bir oy o`tib, Nigora qovug` sohasida kuchli og`riq sezadi. Mehmonga kelgan qarindoshlarini kuzatgach, isitmasi ko`tariladi. «Kelinimning mazasi bo`lmayapti», deya xavotirlangan qaynona, o`g`li bilan birga kelinini qishloq vrachlik punktiga olib borishadi. Shifokorlar bir oylik kelinchakni homiladorlikda gumon qilib qon olishadi. Tibbiy tahlillar Nigora farzand kutayotganini tasdiqlaydi. Hamdam ota bo`lishi, onasi esa tez orada nabira ko`rishini eshitib suyinadi. Ertasiga ertalab Nigoraning tobi qochadi. Qovug`dagi og`riq belga tarqalar va bundan ayol nihoyatda qiynalardi. Shifokor buyurgan og`riqsizlantiruvchi dorini kechki soat 19.00 gacha qabul qilib yurgan Nigora hojatxonaga borish istagi zo`rayib borayotganidan vahimaga tushadi. Hojatxonada og`riq yanada kuchayadi. Cho`kkalab o`tirgan holatda ayol qattiq kuchanadi va shu mahal qindan chaqaloq boshi ko`rinib qoladi. Qo`rqib ketgan kelinchak yana bir marta kuchanadi va qiz farzandni dunyoga keltiradi. Go`dak qimirlamasdi. «Bola o`lik tug`ildi», deb xayol qilgan Nigora uni hojatxona teshigidan tashlab yuboradi. Chaqaloq shunda ham ovoz chiqarmaydi. Qattiq hayajonda bo`lgan kelinchak jinoyat izini yashirish maqsadida hojatxona teshigidan 3-4 ta g`ishtni pastga tashlaydi. Nigoradan xavotir olib, hojatxona tomonga kelayotgan Hamdamning ammasi kelinining ahvolini ko`rib qo`rqib ketadi. Nigora qon ketib qolgani va homilasi tushganini aytadi. Amma zudlik bilan tez tibbiy yordam xizmatini chaqiradi. Nigora turmush o`rtog`i hamrohligida shifoxonaga olib ketiladi.

Uyda qolgan Hamdamning onasi hojatxona poli qon ekanini ko`rib, tozalab olmoqchi bo`ladi. Shu mahal qaerdandir chaqaloq yig`isi eshitiladi. Avvaliga keksa ayol «Kelinimning homilasidan ayrilgani qattiq ta`sir etdi chog`i», deb xayol qiladi. Ammo go`dak yig`isi yaqin atrofdan eshitilaveradi. Ayol hovlida yurgan jiyanini chaqirib, undan chaqaloq yig`isini eshityaptimi-yo`qmi so`raydi. Yigit ovoz hojatxonadan kelayotganini aytib, hojatxona teshigini yoritadi va uch metrcha pastda, g`isht bo`laklari orasida qimirlab yotgan chaqaloqni ko`rishadi.

Hojatxonadan chaqaloq topilgani haqida Hamdamga xabar berishadi. U hojatxona polini buzib, go`dakni chiqarib olish kerakligini aytadi va o`zi ham ortiga qaytadi.

Erining jiyani bilan suhbatini eshitgan Nigora siri fosh bo`lganini anglab, onasiga qo`ng`iroq qiladi.

Hamdamning xonadoniga chaqirtirilgan tez tibbiy yordam xizmati xodimlari chaqaloqqa birinchi yordamni ko`rsatib, uni o`zlari bilan olib ketishdi. O`z onasi qasddan o`ldirmoqchi bo`lgan qizaloq tirik qoldi.

Sud hukm o`qildi

Bir oylik kelinchakning hojatxonada tug`ib, go`dakni o`ldirmoqchi bo`lgani yuzasidan jinoiy ish qo`zg`atildi. Sud majlisida guvohlar so`roq qilindi. Ne – ne umidlar bilan to`y qilgan qaynona, jufti halolim deya ko`ngil qo`ygan er Nigora bilan birgalikdagi bir oylik hayotlari haqida ko`rsatma berishdi. Taassufki, hech kim kelinchakning homiladorligini bilmagan. Avvaldan to`ladan kelgan ayol uzun, keng kamzul kiyib yurgan va homiladorlarga xos hech qanday alomatlar kuzatilmagan. Kimdir «Bunday bo`lishi mumkin emas, axir, homila qimirlaydi-ku» deya e`tiroz bildirishi mumkin. Ehtimol, go`dak istalmagan farzand ekanligini his qilib, o`zi haqida bildirgisi kelmagandir. Yana kim biladi, deysiz...

Sud Nigora Akromovani JKning 25, 99-moddasi bilan aybdor deb topdi. Unga ikki yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati

hamda jinoyat ishlari bo`yicha Buvayda tuman sudi sudyasi

Umid Mehmonaliev bilan hamkorlikda tayyorlandi

Sharhlar