Inson uchun, qolaversa, dunyodagi jamiki jonzod uchun ozodlikdan ko`ra qadrliroq narsa yo`q dunyoda. Qafasga solsang qush ham, yirtqich yo`lbarsu bir chimdim joni bo`lgan hasharot ham talvasaga tushib, o`zini qafasning to`rt devoriga ura boshlaydi.
Jonning jismdan tashqarida vatani bo`lmaganidek, aqli- raso odamning tug`ilib o`sgan, tuprog`idan, dov-daraxtlaridan, betakrorona tabiatdan quvvat, noz-ne`matlaridan oziq olgan Vatanidan o`zga vatan bo`lmaydi.
Insonda Vatan bitta bo`ladi. Vatan bu hayotimizdagi hamma narsa, umrimizning mazmuni, hayotimizning ma`ni va ma`nosidir. Vatan, bu – sarxil iforlari bilan dilingni sarxush qilgan mehr sarchashmasi, dimog`ingga orom bergan turfa gullaru bog`-rog`lar, oyog`ingga chirmashib sanchilgan tikanlar, g`ijir-g`ijir toshchalardir. Vatan, bu – ota-bobolarimizning xoki yotgan muqaddas tuproq. Biz e`zozlaydigan jamiki qadrli narsalarning makoni.
Bu dunyoda nafas olayotgan jonzod borki, o`z Vatanini himoya qiladi. Hatto, qushlar ham polaponlari chug`urlashib yotgan inini turli yovuz niyatli mavjudotlardan asraydi. Er yuzining qaysidir hududlarida yaratilgan iqtisodiy sharoitlarni deb o`zga yurtda yashash esa, bu – vaqtinchalik umrguzaronlik qiladigan begona makondan boshqa narsa emas.
Inson ulg`aygach, mehnat qilib ota-onasiga non-nasiba olib kelgandek, Vatanini sevgan oriyatli farzand unga beminnat xizmat qiladi, go`shalarini obod qiladi, yomon ko`zlardan asraydi. Yaxshi niyatli odamlar ota-bobolarining xoki yotgan tuproqni oyoqosti qilinishiga mutlaqo yo`l qo`ymaydi. "Vatanga jon sadaqa! Bu Vatan meniki, shu aziz tuproqdan yaraldim, uning noz-ne`matlaridan bahramand bo`lib ulg`aydim, aqlimni tanib, odam bo`ldim. U meni ardoqlab, voyaga etkazdi. Mana shu muqaddas zaminda ota-bobolarim yashab o`tgan, bugun men, ota-onam, farzandlarim, men sevgan va meni sevgan yori birodarlarim, vatandoshlarim yashaydi!" – degan ulug` tuyg`u Vatanini sidqidildan sevgan har bir aql-hushli insonning yuragidan chuqur joy olishi va uni o`qtin-o`qtin to`lqinlantirib turishi bu qadim dunyoda isbot talab qilmaydigan hayot haqiqatidir!
Kuni kecha “O`zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan Vatanimiz mustaqilligini yovuz kuchlardan himoya qilishda fidoyilik ko`rsatgan mard va dovyurak o`g`lonlarimizning jasoratlari haqida hikoya qilguvchi “Mard o`g`lonlar nomi barhayot” nomli xotira kitobi chop etildi.
Aytish joizki, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning bevosita tashabbuslari bilan yaratilgan mazkur xotira kitobi xalqimizning ana shunday botir, jasur va fidoyi farzandlari xotirasiga hurmat hamda ehtirom namunasi sifatida dunyoga keldi.
Shu asnoda O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasining katta zalida fidoyilik va jasorat namunalarini ko`rsatgan, ammo o`zlari Vatan himoyasi yo`lida qurbon bo`lgan harbiylarning pok xotirasiga bag`ishlangan ushbu kitobning taqdimoti o`tkazildi. Taqdimot marsimida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti administrasiyasi, O`zbekiston Mudofaa vazirligi, chegara qo`shinlari, Ichki ishlar vakillari hamda O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zolari, adib va shoirlar, shuningdek, mazkur kitobda tilgak olingan mard o`g`lonlarning ota-onalari, turmush o`rtoqlari va farzandlari, “O`zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi vakillari ishtirok etishdi.
Taqdimotni ochib berish uchun so`zga chiqqan O`zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid Mustaqillik yillarida yurtimiz ozodligi, xalqimizning bugungi erkin va obod hayotini ta`minlash yo`lidak o`zining jonini fido aylagan mard va jasur o`g`lonlarning so`nmas xotirasi xalqimiz qalbida mangu yashashini ta`kidladi.
Binobarin, so`zga chiqqan har bir kishi yurak tubidagi so`zlarni aytib, tom ma`nodagi, mazkur kitobda tilga olingan marhum harbiylarga ta`zim bajo aylashdi.
Qolaversa, Vatanni himoya qilish, mardlik va jasorat bobida namuna bo`lgan marhum o`g`lonlarning ota-onalari, turmush o`rtoqlari va farzandlariga “Mard o`g`lonlar nomi barhayot” xotira kitobi hamda turli sovg`alar minnatdorlik ila topshirildi.
Xalqimizning asl farzandlari fidoyiliklari hozirgi tinch va osoyishta zamonda yashayotgan yurtdoshlarimiz, ayniqsa, o`sib kelayotgan yoshlarimiz uchun el-yurtga sadoqatli bo`lish borasida namuna bo`lib xizmat qiladi, degan umiddamiz.
“O`zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi Matbuot xizmati






