Bayram tabrigi
— Agarda hammasi qalbdan gapirilsa hech kim majbur qilmasada, qo`llar beixtiyor qarsak chaladi. Prezidentimiz ilgari surayotgan madaniy jabhadagi ishlarga shunday ko`tarinki ruh va ishonchda baho bera olaman. San`at bu alohida kasb, lekin taksiga chiqsam, oddiy haydovchi ham bugungi kundan minnatdor.
Hammaning og`zida “Yaxshi ishlar bo`lmoqda” deyilishi eng keraklisi. Bu birdamlikning hamda biriktira olishning natijasidir. Aytish joiz, keksa yoshdagi san`at vakillari na dublyajga, na tasvirga olish ishlarida qatnashishayotgandi. Ancha kamnamo bo`lib qolishgandi. Shu qatorida men ham. Sababi nafaqadagi aktyor rol o`ynasa gonorari yoki nafaqa pulidan qirqib qolinardi. Fidoiylik har qaysi artistda bor. Pul uchun bo`lsa, xizmat haqisiz rol ijro etgan paytlarimiz bo`lgan. Boisi, kichik gonorarni, deb nafaqadan kesilardi. Mana shu qisqa davrda keksa aktyorlar, unvoni bor aktyorlar to`liq ish haqi oladigan bo`lishdi. Artistning rol uchun oladigan gonorari va nafaqasi ham saqlanib qolindi. Bu yil ijodimda sermahsullik bor. Masalan, “Meros 2” serialida menga teskari xarakterdagi rolni o`ynadim. Shunaqasini orzu qilardim. Bunda tomoshabinlar meni qahri qattiqroq obrazda ko`rishadi. Ma`qul bo`ladi, degan umiddaman.
“Armonli yillar” serialida qiyinchiliklarni boshidan o`tkazgan, yolg`iz yashagan bo`lsada, insoniylik fazilatlarini saqlab qolgan qahramonni gavdalantirdim. Mana shu osoyishta, kundan-kun chiroy ochib borayotgan, imkoniyatlari kengayotgan ona zaminda ijod qilayotganimdan faxrlanaman.
Davlatimizning mustaqillik sanasi, shukuhli tantanasi butun O`zbekiston ahliga muborak bo`lsin. Tilagim, avvalo osmonimiz hamisha musaffo bo`lib, tan sog`ligi mustahkam va yoshidan qat`iy nazar kishi kimgadir kerakli bo`lsin!