Mirzo Ulug`bek tumanidagi 210-maktab oldiga o`quv darsliklari yuk mashinasida xuddi o`tin yo qum-shag`alni tushirgandek tashlab ketilgan. Bu holat ijtimoiy tarmoqlarda noroziliklarga sabab bo`ldi.
Ushbu holat yuzasidan tuman xalq ta`limi bo`limi mudiri Saida Muzaffarovaning murojaati «O`qituvchi» kanalida keltirilgan:
Toshkent shahar Mirzo Ulug`bek tumani xalq ta`limi bo`limiga qarashli 210-umumta`lim maktabi, shu jumladan, maktab kutubxonasi ham 2018 yilda kapital ta`mirlanishi lozim edi. Shu bois kutubxona fondidadagi darsliklarga zarar etkazmaslik maqsadida joriy yilning iyun oyidan kitoblar shu tumandagi Mirzo Ulug`bek sanoat kolleji va 248-umumta`lim maktabida maxsus xonalarda saqlangan.
31 avgust kuni maktab direktori Dilfuza Saidmurodovaning topshirig`i bo`yicha maktabning ma`naviy va ma`rifiy ishlar bo`yicha direktor o`rinbosari Mahbuba Hayitova tomonidan Mirzo Ulug`bek sanoat kollejidan darsliklarni qaytarib olib kelish uchun ko`chadan og`zaki kelishuv asosida ZIL yuk mashinasida (haydovchi va yuk mashinasining davlat raqamlari to`g`risida ma`lumot yo`q) yollangan.
Shu kuni soat 16:30 atrofida shu o`quv yilida foydalaniladigan va utilizasiya qilinadigan: darsliklar kollejdan maktabga olib kelingan va to`rt nafar ishchi yordamida tushirila boshlangan. Yuk avtomashinasi haydovchisi vaqti tig`izligi va shoshayotganligi uchun kitoblarni tezda tushirish kerakligini aytgan.
Maktab direktori Dilfuza Saidmurodova va direktor o`rinbosari Mahbuba Hayitovalar maktabda ta`mirlash ishlarini bajarayotgan ishchilarni jalb qilish maqsadida binoga kirib-chiqayotgan vaqtda ZIL haydovchisi darsliklarning tushirilmagan bir qismini to`kib yuborgan.
Shu kuni soat 21:00 gacha darsliklar maxsus ajratilgan xonaga olib kirib joylashtirilgan va ularga zarar etmagan.
Yuz bergan noxush holat uchun 210-umumta`lim maktabi, Mirzo Ulug`bek tuman xalq ta`limi bo`limi jamoasi maktab o`quvchilari va ota-onalardan uzr so`raydi.






