O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan 2018 yil 4-5 sentyabr kunlari Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh Said Husayn Xalil as-Sisi rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.
Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining O`zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida O`zbekiston Respublikasi va Misr Arab Respublikasi Adliya vazirliklari o`rtasida hamkorlik to`g`risidagi memorandum imzolandi.
Memorandumdan ko`zlangan maqsad xalqaro huquqning umume`tirof etilgan tamoyil va me`yorlariga muvofiq huquqiy sohadagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek o`zaro manfaatli hamkorlik va tajriba almashishni yo`lga qo`yishdan iborat.
Memorandumda Tomonlar vazifa va funksiyalariga muvofiq adliya sohasida qonunchilik va huquqni qo`llash amaliyotini takomillashtirish bo`yicha tajriba almashish, muntazam ravishda yuridik adabiyotlar va nashrlar almashish, huquq sohasi mutaxassislarining malakasini oshirish, qo`shma ilmiy tadqiqotlar, konferensiyalar, seminar va treninglar tashkil qilish va o`tkazish ko`zda tutilgan.
Ushbu hujjat ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlab, har ikki mamlakat adliya vazirliklari o`rtasida huquqiy sohadagi samarali hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun huquqiy asos bo`lib xizmat qiladi.






