AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev "Captiva" sovg`a qilgan tojikistonlik Kamol ota Madumarov bilan suhbat

'Shavkat Mirziyoev "Captiva" sovg`a qilgan tojikistonlik Kamol ota Madumarov bilan suhbat'ning rasmi

Tursunzodalik hoji Kamol Madumarov — mashhur sohibkorning xotiralari, o`y-kechinmalari, orzu-armonlarini bilgimiz keldi, deb yozmoqda O`zA. Oshkora va samimiy muloqotni e`tiboringizga havola etmoqdamiz.

– Hoji bobo, siz el nazarida nihoyatda ko`ngli ochiq, xushchaqchaq va dilbar insonsiz. Bu nimaning ifodasi – azaldan shunday xarakterga egamisiz yoki halol mehnat orqali topilgan qadr va e`tibor nishonasizmi?

– Savolingizga nima deb javob berishga ham hayronman. Ha, desam, o`zimni maqtaganga chiqib qolmasmikanman. Sirasi, maqtov kimga yoqmaydi deysiz. Agar u o`rinli bo`lsa, samara keltiradi. Yo`qsa, inson kamoloti yo`lidagi g`ovga aylanadi. Bizning ishimizni ham tez-tez olqishlab turishadi. Bu menga har gal odamiylik va ishboshilik mas`uliyatini kuchaytirishga navbatdagi chorlovdek bo`lib tuyuladi. Boshqacha bo`lishi mumkin emas. Zero, shaxsiy manfaat uchun emas, ko`pchilik xizmatiga bel bog`lagan odamning yuragi el-yurt tashvishi-yu intilishlari bilan hamohang tepishi, umumning ko`ksiga shamol tekkan onlardagina halovat tuyishi lozim, deb o`ylayman.

Lekin siz tilga olgan xulqim rahmatli ota-onamdan merosligi rost. Padari buzrukvorim Muhammadumar Zaylonov xushxulq, rostgo`y, kishining ko`ziga tik qarab gapiradigan, kulsa, sidqidildan yayrab kuladigan, o`zini qadrlash barobarida, o`zgalarning qadrini ham yaxshi biladigan odam edi. Biz, farzandlarini ham shunday umrguzaronlik qilishga da`vat qilardi. “Hamisha to`g`rilikka tayaninglar. Halol mehnat – farovonlik kaliti. Hech qachon ishdan qochmanglar. Ana o`shandagina ko`nglingiz nurga to`lib, yuzingiz yorug` bo`ladi!” – degan dil so`zlarini qulog`imizga tez-tez quyib turardi.

df667b77-2e7d-770d-ff28-e395deb82570.jpg

Volidai muhtaramam Xadichaxon Abdullaeva haqida ham uzundan-uzoq gapirib berishim mumkin. Biroq vaziyatdan kelib chiqib, faqat shuni aytmoqchimanki, jannati onam dadamga juda munosib ayol edi. Katta ro`zg`or yumushlaridan boshi chiqmasa-da, zinhor nolimasdi. qo`llari qadoq edi. “Ro`zg`or omochi”ni otam bilan birga tortishga yarardi. “Otangdan o`rgan. Otangday bajar. Otangning chizgan chizig`idan chiqma….” degani-degan edi. Xo`sh, endi ayting, shunday bir tarbiya va ibrat sharoitida biz, o`g`il-qizlar boshqacha bo`lib ulg`ayishimiz mumkinmidi?! Tinib-tinchimaslik orqasidan kamchilik ko`rmadik, haytovur. Halol taomning ta`mini halol ter to`kkanlargina bilishadi.

– Sovet tuzumi davridagi asossiz qatag`onlar, “quloqchilikka barham berish” kampaniyasi va hokazo ko`rgiliklarni eslash og`ir, albatta. Xususan, “quloqlik qismati” sizlarning oilangizga ham begona bo`lmaganligidan ogohmiz. Shular haqida nima deya olasiz?

– Qismat tushunchasini har kim har xil talqin qiladi. Ayrim kishilar “Taqdirdan qochib qutulolmaysan”, deb uqtirsa, boshqalari “Peshonangga nima yozilgan bo`lsa, o`shani ko`rasan”, – deya takrorlashdan charchamaydi. Elchilikka xos lafz ekan, bunaqa gap-so`zlar beixtiyor o`zimizning ham og`zimizdan chiqib turadi. Ammo masala mohiyatiga teranroq nazar tashlasak, tushkun bir manzarani ko`ramiz. O`zingiz o`ylab ko`ring, bundan chiqdi, ming chiranganim bilan peshonamga yozilganidan boshqa narsani ko`rmayman degancha, Yaratganning marhamatiga ko`z tikib, qo`lni qovushtirib o`tiraverishimiz kerak ekan-da. Bunaqa kayfiyatdagi kimsalar erta bir kun peshonasi sho`rligidan nolishga o`tishsa, men aslo ajablanmayman.

Men Xudo bergan taqdiridan shukr qilib yashaydigan insonlar toifasiga mansubman. Ishimiz boshimizdan oshib-toshib yotgani sababli, ilmiy kitoblarni kam o`qiyman. Shunga qaramay, eshitganim borki, ba`zi ruhshunoslaru qismatshunoslarning ta`biricha, hayot yo`llarining qay zaylda qaror topishiga har qaysi shaxs xohish-maqsadlarining o`zi zamin yaratar ekan. Oddiy fuqaro tili bilan aytganda, bu – niyatingga yarasha ko`rasan, degan ma`noni anglatadi. Shunday ekan, azaliy turmushga esh bo`lgan katta-yu kichik muammolar, qiyinchiliklar va to`siqlar oldida esankiramasdan, erta-yu kech Xudoni dilga jo qilib, yorug` xayollaru porloq rejalar og`ushida olg`a intilaverishga nima etsin?! Aytmoqchi, men qismat masalasiga berilib, asosiy mavzudan jinday uzoqlasha boshladim shekilli…

– Yo`q, yo`q, hammabop fikrlarni aytayapsiz. Davom etavering.

– Shunday qilib desangiz, otamning ishbilarmonligi, omilkorligi va Alloh bergan boshqa xislatlari tufayli omborimiz bug`doyga to`la, og`ilu qo`ramizda qo`y-qo`zilar kavshanib yotardi. Turgan gapki, bunday to`kislik hamma teng va erkin yashashi belgilab qo`yilgan yo`qsillar jamiyati turmushiga mutlaqo yot edi.

O`tgan asrning 28-yillari edi chog`i, yuzlab, minglab “quloq“lar safida Farg`onaning Oltiariq tumanidan mana shu yoqlarga qarab yo`lga chiqdik. Dastlab Shahrinavga kelib joylashdik. Ko`p o`tmay, Regar rayonining Vijdon qishlog`iga (o`sha vaqtdagi Jdanov) ko`chib keldik. O`shanda hozirgi so`lim manzaralar, go`zal imoratlar qayoqda, deysiz. Chor-atrofda quyosh nurida jizg`anak bo`lgan tepaliklar, yovvoyi va yirtqich hayvonlar manzili, turli xastaliklar o`chog`i sanalgan qamishzorlar yastanib yotardi. Tevarakni birmuncha epaqaga keltirib, yashash va ishlash uchun loaqal jo`n sharoit yaratish yo`lida bariga chidab, erta-yu kech tinim bilmay ter to`kish talab etilardi…

– Osmon uzoq, er qattiq edi, deng!

– Ma`zur tutasiz, bu fikringizga ham qo`shilolmayman. Bu maqolni ham, yuqorida to`xtalganimdek, ojizu notavon kishilar o`ylab chiqarishgan bo`lsa, ajabmas. Xoh ishoning, xoh ishonmang, o`shanda muhojirlarning ko`kni yaqin, zaminni yumshoq qilishga qodir shashti bor edi. Balki davlatning siyosati-yu muayyan shart-sharoit odamlarni shunaqa matonat va shijoat ko`rsatishga undagandir. Yana bilmadim. Pastqam, paxsadevor uylarda istiqomat qilardik. O`ngimiz tugul, tushlarimizda ham er bilan tillashardik. Shu tariqa katta-katta maydonlar tekislana bordi. Chakalakzorlaru qamishzorlar asta-sekin chekindi. Erlarga suv chiqarildi. Hazrati dehqonning dostonlarga arzigulik jonbozligi Xudoyimga xush keldi, shekilli, ona zaminning mana shu go`shalarini rostakamiga jannatga o`xshatib qo`ydi. “Bihishtmonand o`lkam…” deb faxrlanishimiz ana shundan.

Otam bodring, pomidor va boshqa sabzavot ekinlari etishtirish hadisini olgan mirishkor edi. Issiqxonada ekin o`stirish o`sha davrda odat tusiga kirgandi. Kechagidek yodimda. Masalan, etishtirilayotgan bodring nihollari ustiga kechki payt klyonka yopilib, quyosh chiqishi bilanoq, ochib qo`yilardi. Dehqonchilikning bunaqa “yo`l-yo`rig`i”ni hali bilmagan odamlar shu ishlar bajarilayotgan mahalda atrofdagi tepaliklarga chiqib, o`tirvolib “tajriba orttirishardi”. Hovlimiz oldida ustun ko`tarib, uzum ham etishtirardik. Uning ma`lum qismi maqbul sharoitda saqlanib, qishda sotilardi. Qanday qilib deysizmi? Masalan, uzum boshlari simlarga maxsus ravishda o`zagi qurib qolmaydigan qilib osilar, kechasi uzumxonaning eshik-darvozalari ochiq turar, ertalab esa berkitib qo`yilardi. Bu holda mahsulot sifati binoyidek saqlanardi. O`tgan asrning 70-yillarigacha bu tevarak-atrofda uzum kam ekilardi. Keyin asta-sekin ko`paya bordi.

– Aqlini tanigan davridan boshlab sog`lom va yaratuvchilik muhitida javlon urib, ulkan hayot va faoliyat tajribasini orttirgan sizday nuktadon inson nega oliy ma`lumot ketidan “quvmaganligi” kishini biroz ajablantiradi.

– Avvalo aytib qo`yay, oliy ma`lumot egasi haqida gap borganida, qandaydir diplom yoki chiroyli muhr bosilgan yaltiroq hujjat sohibini ko`z oldimizga keltirmasligimiz kerak. Ishoning, yuzlab oltin sandiqlari hali ochilib, ochilmagan mana shu sehrli zamin, mana shu saxovatli bog`-rog`laru bepoyon ekinzorlar men uchun chinakam institut, chinakam akademiya bo`lib kelgan edi va bo`lib qoladi. Mustaqillik sharofati bilan erlar o`zining haqiqiy egalariga, ya`ni zamin bilan tillasha oladigan ishbilarmonlarga taqsimlana boshlangach, ko`pchilik qatori mening oldimda ham bor hunarimni ko`rsatib, xalqimga va Vatanimga foyda etkazishning katta istiqbollari ochildi. Avvaliga uzumchilik bilan shug`ullanish uchun 5 gektar er olgan edik. Ishimizning natijasiga qarab, dehqon-fermer xo`jaligimiz yildan-yilga kengayishga o`tdi. Hammasini o`zingiz ko`rib turibsiz. Boshqasini gapirib o`tirmayman.

– Endilikda sizning tashabbusingiz bilan to`ng`ich farzandingiz hoji Muhammadamin boshqarayotgan “Bog`i Somon” dehqon-fermer xo`jaligi hududida aholining asosiy qismi to`q-farovon hayot kechirmoqda. Lekin kengroq miqyosda so`z yuritsak, “boy” va “kambag`al” tushunchasi hamon yashovchandir. Buni qanday izohlagan bo`lardingiz?

– Oddiy misol keltiraman. 1991 yili otam va Toyib tog`am bilan birgalikda qarindosh-urug`larni yo`qlab, Farg`onaga bordik. Yo`l-yo`lakay, o`sha, bir paytlar o`zimiz tashlab chiqib ketgan uyimizga ham bosh suqib o`tdik. Otamning xonadoni quloq qilingach, bu uyga boshqa odamlar ko`chib kelgan, hovli-joy esa qadimgi ahvolda edi. Biror-bir o`zgarish yo`q. Biz ularga sog`lik, omonlik tilab, qo`zg`aldik.

– Hoji bobo, ijozat bering, yozuvchiligimga borib, dilimdan tilimga ko`chgan yana bir obrazli iborani aytishga jur`at etay. Ya`nikim, borliq yaralganidan buyon, sayyoramizning o`z o`qi va oftob atrofida muntazam aylanishi o`laroq, har kuni quyosh tog`lar ortiga “yumalab ketaveradi”. Aslida esa, quyosh botmaydi. U o`z tizimidagi yulduzlarga, jumladan, Erga iliqlik, barhayotlik bag`ishlab, atrofidagi sayyoralarga nisbatan bir joyda mudom nur taratib turadi. Shu ma`noda kamina joyi kelsa, o`zidan ham kechib, o`zgalar uchun yonib-jo`shib yashayotgan insonlarni hech bir mubolag`asiz ana shu quyoshga qiyoslagim keladi. Buni quruq hamdu sano deb o`ylasangiz, gapimni qaytarib olganim bo`lsin.

– Bu o`xshatishingiz ko`z o`ngimda ulug` yurtboshimizning qiyofasini jonlantirdi. Tojikiston Respublikasi Prezidenti, muhtaram Emomali Rahmon, chindan ham mamlakatimizni buyuk evrilishlar o`zaniga chiqara bildi. Davlatimiz rahbari bilan har gal yuzlashganimda, quchoqlashib ko`rishganimda ruhimda bitmas-tuganmas yuksalishni, kundalik hayotga, shoyon mehnatga yangicha ishtiyoqni his qilaman. Prezidentimizning o`zaro muomaladagi oddiyligi, samimiyligi, barchaga nisbatan do`stona xayrixohligi meni doimo hayratga solib turadi.

Ba`zan yoqimli o`ylarga tolib qolaman. Jamolini olamga ko`z-ko`z qilsa arziydigan Vatanim bor. Yalangto`sh va zakiy xalqim bor. Yuzimni erga qaratmaydigan, oriyati butun, ma`rifatli o`n farzandim bor. Nimaniki orzu qilsam, Alloh qo`sh qo`llab berib turibdi. Bir oddiy insonga bundan ortiq yana nima kerak. O`ziga shukr, ming karra shukr!

– Mana shu oydin hislar sizni toabad tark etmasin. Hamisha sarbaland bo`lib yuring.

– Yo`qlov uchun sizga ham tashakkur. Qalamingiz doimo o`tkir bo`lsin.

Abdujalil G`afurov,

Tojikiston Respublikasi,

Tursunzoda shahridan

    Boshqa yangiliklar