AsosiyJamiyat

Deputatlar va yoshlar ishtirokida ochiq muloqot o`tkazildi

'Deputatlar va yoshlar ishtirokida ochiq muloqot o`tkazildi'ning rasmi

26 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Yoshlar huquqi: amaliyot va tajriba” mavzusida deputatlar va yoshlar bilan ochiq muloqot o`tkazildi.

Mazkur uchrashuv Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi qabul qilinganligining 70 yilligi munosabati bilan Yoshlar ittifoqi va O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar komissiyasi hamkorligida tashkil etildi. Tadbirga Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining jami yuzdan ortiq talabalari jalb etildi.

Uchrashuv davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir necha deputatlari mavzu doirasida o`z ma`ruzalari bilan ishtirok etishdi. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarni o`zini o`zi boshqarish organlari qo`mitasi raisi Akmal Saidov, Oliy Majlis qonunchilik palatasidagi Yoshlar masalalari bo`yicha komissiyasi raisi, Qonunchilik palatasi deputati Kozimjon Tojievning chiqishlari talabalarning qiziqishiga sabab bo`ldi.

- Mazkur ochiq muloqot yoshlarimizning huquqiy madaniyatini yuksaltirishda katta ahamiyat kasb etadi, – deydi O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi Ijtimoiy-huquqiy masalalar va huquqbuzarliklar profilaktikasi bo`limi bosh mutaxassisi Sharofiddin Xonimov. – Bu kabi tadbirlarning muntazam ravishda o`tkazilishi yaxshi samara beradi, deb hisoblayman. Negaki, yoshlar o`zlarini qiziqtirgan huquqiy masalalardagi va yoshlar siyosati borasidagi savollariga qonun chiqaruvchilarning o`zidan javob olish imkoniyatiga ega bo`lishadi.

Ochiq muloqot davomida yoshlarga Qonunchilik palatasi ish faoliyati to`g`risida axborot berildi. Bundan tashqari, Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi tarixi va uning ahamiyati, yoshlar huquqlarini himoya qilishda xalqaro tajriba, yoshlar bilan ishlashda Yoshlar ittifoqining o`rni va roli, bu boradagi muammolar va echimlar muhokama etildi.

Tadbir so`ngida talabalarga Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasining o`zbekcha, ruscha va qoraqalpoqcha chop etilgan kitobchalari sovg`a qilindi.


    Boshqa yangiliklar