O`zbekiston Recpulikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida 24—27 sentyabr kunlari NATOning Birlashgan kuchlar qo`mondonligi shtab-kvartirasi mutaxassislari tomonidan ruhiy va axborot amaliyoti mavzusida mashg`ulotlar bo`lib o`tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
O`quv mashg`ulotlari akademiyaning professor-o`qituvchilari uchun o`tkazildi. To`rt kun davomida NATO Birlashgan kuchlar qo`mondonligi mayori Uard Mishel-Tereze, podpolkovniklar Ruzich Drogan hamda Sivertsen Gunner ma`ruza qilib, mavzuga oid slaydlardan unumli foydalangan holda o`qituvchilarning malakasini oshirish bo`yicha zaruriy maslahatlar berishdi.
Ta`kidlash kerakki, O`zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasi ko`plab xalqaro tashkilot va etakchi xorijiy mamlakat armiyalarining ta`lim muassasalari bilan hamkorlikni yo`lga qo`ygan bo`lib, harbiy kadrlarning malakasini oshirish yo`lida bu kabi o`quv mashg`ulotlarini muntazam tashkillashtirib keladi.
Ma`lumot uchun, Qurolli Kuchlar Akademiyasida NATOning «Multimedia burchagi» ham tashkil etilgan. Mazkur burchakdan o`rin olgan qo`llanma va kitoblar asosan rus va ingliz tilida bo`lib, ularda qurolli kuchlarni qo`llash strategiyasi va taktikasini yanada takomillashtirish, jangovar operasiyalarni olib borishning xorij tajribalari haqida batafsil ma`lumotlar berilgan.






