O`zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan Toshkent viloyati Bo`stonliq tumanida joylashgan “Yoshlar oromgohi”daIchki ishlar idoralarida profilaktik hisobda turuvchi voyaga etmaganlar, afv etilganlar hamda Yoshlar ittifoqining kafolat xati asosida sud zalidan ozod etilganlar uchun “Mening mahallam jinoyatlardan holi hudud” shiori ostida tarbiya va sport-sog`lomlashtirish oromgohi o`tkazildi.
Ishtirokchilarni guruhlarga ajratgan holda do`stlik va tanishuv kechasi uyushtirildi. Oromgohning 2-kunida tarbiya va sport-sog`lomlashtirish oromgohining ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Unda O`zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi, Viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamda ichki ro`yxatda turuvchi va avf etilgan yoshlar qatnashdi. Guruhlarga O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, O`zbekiston Respublikasining “Bola huquqlari kafolatlari to`g`risida” qonuni mazmuni atroflicha tushuntirilib, “Yoshlarga oid davlat siyosati to`g`risida”gi qonuni bo`yicha batafsil ma`lumotlar berildi. O`zbekiston Respublikasining “Voyaga etmaganlar o`rtasidagi nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi to`g`risida”gi qonuni va uning ijrosi yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Davra suhbatida yoshlar o`rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni keskin kamaytirish hamda yoshlarning diniy ma`rifiy, huquqiy siyosiy madaniyatini yanada oshirishga doir o`quv mashg`ulot darslari o`tildi. Oromgoh ishtirokchilari o`rtasida futbol, valeybol, stol tennisi, estafeta, turnikda tortinish, merganlik, shaxmat shashka kabi sport musobaqalari bilan birgalikda harbiy saf mashg`ulotlari o`tkazildi.
O`zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi tomonidan “Men vatanim uchun nima qildim?” mavzusida ochiq muloqot davomida oromgoxga jalb etilgan Ichki ishlar idoralarida profilaktik xisobda turgan voyaga etmaganlarni sog`lom turmush tarziga qaytarish, ularni ongida turli zararli illatlarga qarshi imunitetini yanada oshrish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatiga nisbatan daxldorlik xissini uyg`otish hamda o`zlari sodir etgan xuquqbuzarliklarni qanday oqibatlarga olib kelishini chuqur anglatishga qaratilgan tushuntirish ishlari olib borildi.
“Yoshlar va qonun” targ`ibot loyihasiga doir hujjatli film va “Ekstremizm hamda odam savdosiga qarshi kurashish” to`g`risidagi film namoyish etilib, o`zaro muhokamalar maydoni yaratildi. 3-kun tajribali psixologlar bilan yoshlar uchrashuvi tashkil qilinib, “O`smirlik davrida ijtimoiy hodisalarni tushunishni rivojlantirishning ob`ektiv va sub`ektiv omillari” hamda “O`smirlarda muloqotchanlikni rivojlanishi ijtimoiy qiziqishlarning shakllanish sharti sifatida” mavzularida fikr-mulohazalar yuritildi. “Mening mahallam jinoyatlardan holi hudud” mavzusida insholar tanlovio`tkazilib, yoshlarning dunyoqarashi, mushohadalari xolis baholandi Yoshlarning kun davomida olgan huquqiy bilimlarini sinovdan o`tkazish maqsadida “Huquq bilimdonlari” tanlovi va “O`zingni namoyon et” shiori ostida madaniy dastur tashkil qilindi. 4 kunlik tarbiya va sport-sog`lomlashtirish oromgohorqali 70 nafar Ichki ishlar idoralarida profilaktik hisobda turuvchi voyaga etmaganlar va 4 nafar maxsus hisobdan chiqarilgan oila farzandlarining ijtimoiy faolligi oshib, jamiyat va ona-Vatanga foyda keltirishga harakat qilishi lozimligini tushunib etishdi.
— Mashg`ulotlar davomida tarbiyasi og`ir jinoyat sodir etishga moyilligi bo`lgan yoshlarning ham ezgu g`oyalari, tashabbuslari borligiga guvoh bo`ldim. “Bolaning yomoni bo`lmaydi. Faqat ularning tarbiyasi bilan tizimli ishlab borish kerak”, degan xulosaga keldim. Yakka tartibda olib borilgan suxbatlardaular sodir etgan huquqbuzarliklarini haqiqatda noto`g`ri ekanligini anglab etishdi. Bu tushunish ularni ertangi kunda to`g`ri yo`lga, to`g`ri hayotga etaklaydi. Biz amalga oshirayotgan loyihalar besamar ketmadi. Oromgoh ishtirokchilari “Yoshlarga psixologik xizmat ko`rsatish markazi” psixologlari bilan olib borilgan mashg`ulotlardan ilhomlanishganini, bu kabi loyihalar qatori kengayishini so`rashganining o`zi quvonarli holbo`ldi, — deydi O`zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyat Kengashi Ijtimoiy huquqiy masalalar va jinoyatchiliklar profilaktikasi bo`lim mudiri Aziz Raxmonov. —Ishtirokchilar taqdiriga nafaqat oromgoh davomida , balki muntazam e`tibor qaratamiz. Yoshlar o`rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni barvaqt oldini olish bo`yicha manzilli va tizimli ishlarni olib borib, Viloyatimizni “Jinoyatchilikdan holi hudud” safiga qo`shish uchun astoydil bor bilim va ko`nikmalarimizni safarbar etishga tayyormiz.
Shahnoza Nurullaeva






