AsosiyJamiyat

Sherzod Shermatov: 13 mingga yaqin erkak o`qituvchilar maktablarimizga qaytishdi

'Sherzod Shermatov: 13 mingga yaqin erkak o`qituvchilar maktablarimizga qaytishdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2 noyabr kuni xalq ta`limi tizimini yanada rivojlantirish borasidagi islohotlar samaradorligini oshirish masalalariga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazgani haqida xabar bergan edik.

Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov Facebook‘dagi sahifasida ushbu yig`ilish yuzasidan o`z fikr-mulohazalarini bildirdi:

"Prezidentimiz tomonidan oxirgi 4 oyda xalq ta`limiga e`tiborni kuchaytirish hamda o`qituvchi mavqeini oshirish bo`yicha qator yig`ilishlar o`tkazilishi va qarorlar qabul qilinishi natijasida 13 mingga yaqin erkak o`qituvchilar maktablarimizga qaytishdi.

Viloyatlardagi uchrashuvlarda o`qituvchilar ularga e`tibor avvalgi yillardagidan ko`ra ancha o`zgargani, jumladan, hozirgi vaqtda mavsumiy qishloq xo`jalik ishlariga jalb etilmasdan o`z maktablarida dars berishayotgani sababli ular o`z vaqtlarini ko`proq farzandlarimiz tarbiyasiga qarata olayotganliklaridan juda mamnunliklarini bildirishmoqda.

Albatta, bu maktab ta`limi sohasidagi islohotlarning endi boshlanishi. Bu islohotlar uzoq-uzoq tumanlarga etib borishi uchun va eng asosiysi ta`lim sifatiga katta ta`sir qilishi uchun anchagina mashaqqatli mehnat va vaqt talab etiladi.

Quvonarlisi, Prezidentimiz tashabbuslaridan keyin ko`pchilik rahbarlar maktablarga yordam bera boshladilar. Lekin, shu bilan birgalikda haligacha eskicha ishlashni qo`msayotgan ba`zi rahbarlar uchrab turibdi. Hozirgi vaqtda o`z echimini topishi kerak bo`lgan masala va muammolar ko`p bo`lishiga qaramay, Davlat Rahbari tomonidan qisqa muddatda yana bir bor xalq ta`limi masalalari bo`yicha barcha mas`ullar bilan ochiqchasiga va bafurja muhokama qilishga shuncha vaqt ajratilishi ham bu masalaning mamlakatimiz kelajagi uchun juda muhimligidan dalolat va xalq ta`limi sohasiga panja ortidan qarayotgan ba`zi joylardagi shunday rahbarlarga o`ziga xos signal hamdir.

Hozirgi shiddat bilan rivojlanayotgan zamonda faqat ta`limgina mamlakat kelajagi rivojini ta`minlay oladi. Aks holda, sun`iy intellekt, avtomatlashtirish kabi yo`nalishlar o`sib borayotgan to`rtinchi industrial revolyusiya davrida xalq ta`limi rivojlangan mamlakatlar bilan ta`limga e`tibor sust bo`lgan mamlakatlar orasidagi tafovut juda keskinlashib boraveradi.

Shunday ekan, faqat bugungi kun bilan yashamasdan, aynan kelajakda mamlakatimiz har tomonlama rivojlangan mamlakat bo`lishiga o`z hissamizni qo`shishga harakat qilaylik. Imkon boricha maktablarimizdagi sharoitlarni yaxshilashga va asosiysi, eng iste`dodli insonlarni aynan o`qituvchilik kasbini tanlashga undaydigan muhit yaratishga barcha kuchimizni safarbar qilish vaqti keldi".

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar