AsosiyJamiyat

​Prezidentga fortepiano chalib bergan askar imtiyoz asosida Konservatoriyaga qabul qilinadi

'​Prezidentga fortepiano chalib bergan askar imtiyoz asosida Konservatoriyaga qabul qilinadi'ning rasmi

Joriy yilning 16 noyabr kuni O`zbekiston Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo`mondoni Shavkat Mirziyoyev Shimoli-g`arbiy harbiy okrugining Nukus garnizonida bo`lib, harbiy xizmatchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Shavkat Mirziyoyev bu erda turli yo`nalishlar bo`yicha o`tkazilayotgan mashg`ulotlar jarayonini ko`zdan kechirgan, yoshlar bilan suhbatlashgan edi.

O`shanda garnizondagi harbiy qismlarning birida yigitlik burchini o`tayotgan oddiy askar Jamshid Himmatov O`zbekiston Prezidentiga fortepianoda kuy ijro etib, barchaning olqishiga sazovor bo`ldi. Prezidentning topshirig`iga ko`ra, Jamshid Himmatov muddatli harbiy xizmatni o`tab bo`lgach, O`zbekiston davlat konservatoriyasiga imtiyoz asosida o`qishga qabul qilinadigan bo`ldi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

«Prezidentimizning biz xizmat qilayotgan garnizonga tashrifidan xabar topgach, u kishiga fortepianoda milliy mumtoz qo`shiqlarimizdan birini ijro etib berish tashabbusi bilan chiqdim. Bu fikrimni komandirlarim, xizmatdosh do`stlarim ham qo`llab-quvvatladi va men orzuimga erishdim. O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan menga bildirilgan yuksak ishonchdan unumli foydalanib, kelajakda Qurolli Kuchlarimiz harbiy orkestrida xizmat qilish niyatim bor», — deydi Jamshid Himmatov.

Jamshid Himmatov 1998 yili Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida tug`ilgan. 2017 yili Termiz san`at kollejida «Akademik vokal artisti» yo`nalishi bo`yicha tahsil olgan. 2018 yili muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan va hozirda Nukus garnizonida yigitlik burchini o`tamoqda.

    Boshqa yangiliklar