“Me`rojnoma”: tilimiz va adabiyotimizning nodir namunasi

Moziydan sado 03.12.2018, 19:10
“Me`rojnoma”: tilimiz va adabiyotimizning nodir namunasi

O`zbek yozuv madaniyati va kitobat san`ati tarixidaa temuriylar davri alohida o`rin tutadi. Amir Temur va temuriylar tashabbusi hamda otalig`i ostida kitobat san`ati rivojlandi. Mo`g`ullar istilosi davrida e`tibordan chetda qolgan sohalar qaytadan bo`y rostladi. Temuriylar davlatining yirik madaniy markazlari bo`lmish Samarqand, Hirot, Yazd, Andijon singari shaharlarda yirik xattotlik maktablari yuzaga keldi. Boshda sohibqiron Temurbekning o`zi, keyinchalik Shohruh Mirzo, Boysung`ur Mirzo, Mirzo Ulug`bek singari ma`rifatparvarlar va ilm tarafdorlari sohaning boshida turdilar.

Yana bir jihati, bu davrda yozuv madaniyati, xattotlik san`ati ham rivojlandi. Bu chog`larda temuriylarning sa`y-harakati, urinishi tufayli, arab xati bilan bir qatorda, ota-bobolardan meros bo`lib kelayotgan eski uyg`ur yozuvi, Navoiy so`zi bilan aytganda turkcha xat ham keng ishlatildi.

Uyg`ur yozuvimi yoki eski turkiy xat?

Ma`lumki, o`zbek xalqining yozuv madaniyati bir necha ming yilliklarni o`z ichiga oladi. Mamlakatimiz hududidan qadimgi Xorazm, Baqtriya, kxaroshthi, O`rxun-Enasoy, sug`d va boshqa xil bitiklardagi bir qancha tarixiy bitiklar topilgan.

Ko`pgina olimlar tomonidan uyg`ur yozuvi deb atalib kelinayotgan bitik aslida faqatgina uyg`urlarga tegishli emas. Bu alifbo ma`lum davr mobaynida ko`plab turkiy xalqlarning madaniy hayotida muhim o`rin egallab kelgan. Bu yozuv shakliy jihatdan bir paytlar juda katta hududni qamrab olgan so`g`d xatiga o`xshab ketadi. Olimlarning aytishicha, har ikki yozuvning kelib chiqishi qadimgi oromiy yozuviga borib taqaladi.

Uyg`ur yozuvi ham uzoq vaqt davomida Markaziy osiyo xalqlari tomonidan foydalanib kelingan. Qadimgi so`g`d yozuvi asosida shakllangan eski uyg`ur alifbosida xat tepadan pastga tomon yozilgan. Yozuv ustunlari esa, chapdan o`ngga tomon joylashtirib chiqilgan. Uyg`ur yozuvidagi dastlabki yodgorliklar milodiy VIII asrga mansub. Uyg`ur yozuvi keyinchalik buddaviylik diniga sig`inuvchi turkiy qabilalar orasida keng tarqalgan.

Uyg`ur yozuvi ta`sirida keyinchalik, o`rta asrlardamo`g`ul va manchjur yozuvlari ham kelib chiqqan. Garchi Markaziy osiyoda arab alifbosi uyg`ur yozuvini siqib chiqargan bo`lsa-da, uyg`ur alifbosida o`rta asrlarda ham qator asarlar, jumladan Yusuf Xos Hojibning “Qutadg`u bilig”, “Ahmad Yugnakiyning “Hibat ul-haqoyiq” Xorazmiyning “Muhabbatnoma” asarlari, Lutfiyning bir qancha g`azallari ushbu yozuvda ko`chirilgan. Temuriylar paytida ham ushbu alifbo amalda bo`lgan. Ayni paytga qadar Xuroson hukmdori Abu Said Mirzoning 1468 yilda Oqquyunlilar hukmdori Uzun Hasanga yo`llagan nomasi hamuyg`ur xatida bitilgan. Shuningdek, Usmoniylar saroyida ham Oltin O`rda hukmdorlari bilan yozishmalar asnosida uyg`ur alifbosidan foydalanishgan.

Parijda saqlanayotgan nodir durdona

Temuriylar davridan qolgan, o`zbek kitobat san`ati tarixida o`ta qimmatli va nodir sanalgan yodgorliklardan biri o`z davrining yirik madaniyat markazlaridan bo`lgan Hirotda Abu Malik baxshi ko`chirgan uyg`ur yozuvli qo`lyozmadir. Qo`lyozma kitob hozir Parijdagi Fransiya Milliy kutubxonasida saqlanmoqda.

Muqovasi qalin charmdan, qog`ozi yupqa, silliq, sarg`ish, o`rta asrlarda Sharqda dovrug` qozongan Hirot qog`ozi. Biror matn bitish mo`ljallangan chog`i, kitobning boshlanishida, orada ham bir-ikki o`rinda bo`sh varaqlar tashlab ketilgan.

Qo`lyozmaga ikki asar kiritilgan: biri “Me`rojnoma” bo`lsa, ikkinchisi Farididdin Attor qalamiga mansub “Tazkiratu-l-avliyo” asarining turkiy tarjimasidir.

Payg`ambarimizning buyuk mo``jizalari

Islom olamida “Me`roj”, “Isro” nomlari bilan ataladigan ushbu hodisa payg`ambarimiz (s.a.v) berilgan buyuk mo``jizalardanbiridir. Bu hodisa xususida Qur`oni karimda, bir qatorda sharafli hadislarda, islom tarixiga oid manbalarda ham to`xtalb o`tilgan.

Rivoyatlarga ko`ra, payg`ambarimiz hijriy Yaratganning irodasi va farishta Jabroil (a..s.)ning ko`magida bir kechada Makkadan Quddusga borib, Al-Aqsoni ziyorat qiladilar. Keyin Buroq otida etti qat falakka ko`tariladilar. Jannat va do`zax manzaralari, u erda hayoti dunyoda qilgan amallari uchun jazo yoki mukofotga sazovor bo`lgan bandalarning avholi bilan tanishadilar.

Me`rojning eng katta mukofoti esa, payg`ambar (s.a.v.)ning Alloh taolo bilan ikki yoy (qoba qavsayn) yaqinligidagi masofada turib muloqot qilishlari edi. Me`roj kechasida payg`ambarimizga Qur`oni karimning yangi oyatlari nomzil qilinadi, musulmonlar uchun besh vaqt namoz farz qilinadi.

Rasululloh me`rojdan qaytganlarida, ko`rgan-kechirganlarini odamlarga bayon qiladilar. Bu hodisaga shubha bilan qaraganlar, hatto iymonni tark etganlar ham bo`ldi. Faqat, eng taqvodor, sodiq musulmonlargina bu hodisani ayni haqiqat sifatida qabul qilishgan.

O`rta asrlarda me`roj hodisasi haqida juda ko`p asarlar bitilgan. Biz tilga olgan asar ham o`rta asr muslumon adabiyotining nodir namunasi hisoblanadi.

Payg`ambarni tasvirlash... mumkinmi?

Albatta, bugungi kun nuqtai nazaridan buning imkoni yo`qdek tuyuladi. Ammo, o`rta asrlarda arab, fors, turkiy tillarda yaratilgan ko`plabtarixiy manbalarda payg`ambarlar tasvirini uchratish mumkin. Bu o`tmishda payg`ambarlar, aziz-avliyolar tasviriga ijozat berilganini ko`rsatadi.

Xususan, mazkur tarixiy asarda ham ko`plab o`rinlarda payg`ambaraimizning muborak qiyofalarini ko`rishimiz mumkin. Shu bilan birga rasulullohning (s.a.v.) Odam, Ibrohim, Muso, Iso (a.s.) payg`ambarlar bilan me`roj kechasida suhabatlashgani ham ochiq-oydin tasvirlangan.

Shuningdek, kitobda jannat va do`zax manzaralari, Arsh tasviri, u erdagi turli farishtalar qiyofalarini ko`ramiz. Muhimi har bir surat o`ta mahorat, qunt va iste`dod bilan chizilgan..

Bu jihatdan qo`lyozma kitobni temuriylar davrining ajoyib san`at asari desa bo`ladi. U o`zining originalligi bilan ajralib turadi. Temuriylar davri san`atidagina emas, o`rta asrlarda miniatyuralar ishlangan sharq qo`lyozmalari ichida ham bu asarga tenglashadigani oz.

Asarga ishlangan rangli miniatyuralar islom san`atining hali biz bilmagan qirralarini, uning sirli tugunlarini ochishga ko`maklashadi. Islom san`ati tarixida yuksak cho`qqilarni temuriylar davri san`ati zabt eta oldi.

Muhim ilmiy-adabiy manba

“Me`rojnoma” asari hamdu na`t bilan boshlangan bo`lib, unda shunday so`zlarni o`qiymiz: “Shukr va hamd ul mangu qodir, o`n sakkiz ming olamni yaratgan, tartibga keltirgan va ularni ne`matlantirgan,biru bor hukumdor, Undan o`zga iloh bo`lmagan Tangri taologa (buyukligi yuksalsin va ismlari muqaddas bo`lsin), yana yuz ming salavot va tahiyyat Tangri taoloning habibi, yuz yigirma to`rt ming payg`ambarning sardori Muhammad rasulullohning ruhiga etsin. Ko`pdan-ko`p rahmat rasul alayhis-salomning avlodi bilan ahli baytiga etsin. Ularning barchasidan Olloh rozi bo`lsin”.

Hamdu na`tdan keyin kitob “Nahju-l-farodis” otli asardan tarjima qilinganligi to`g`risidagi ma`lumotlar berilgan. 68 betdan iborat kitobda payg`ambarimizning Jabroil (a.s.) bilan me`rojga chiqishi ko`tarilish bilan boshlanib, turli osomon tabaqalari, jannat va do`zaxdagi sayohatlari bilan davom ettirilgan.

Umuman, mazkur asar turkiy til va adabiyotni chuqurn tadqiq etishda ham juda katta ilmiy manba bo`lib hisoblanadi.

Qo`lyozmani hirotlik Abu Malik baxshi hijriy 840 (melodiy 1436–1437) yili ko`chirib tugallagan. Ma`lumki, o`tmishda baxshi so`zi asosan kotiblarga nisbatan aytilgan. Ushbu atama qadimgi turk budda, moniy diniy jamoalarida“ustoz, murabbiy; muallim” ma`nolarida ishlatilgan.

Zamonasining xat-savodli, o`qimishli kishilariga nisbatan qo`llangan bu so`z keyinchalik turkiy tilda va uyg`ur xatida bituvchi kotiblarning nomida saqlanib qoldi. Hozirgi o`zbek tilida esa baxshi so`zi “xalq dostonchisi, baxshi”ni bildiradi. Ayrim o`zbek shevalarida “tabib” hamda “folbin”ni ham baxshi deyishadi.

Navoiyning nazari tushgan

O`tmishda uyg`ur xatining bir qancha uslubiy turi ishlatilgan edi. Shunga qaramay, yozish texnikasining o`ng`ayligi, qulay o`qilishiga qarab, keyinchalik yugurik xat uslubi ommalashib ketdi. Bu xat uslubidan Hirotda ijod qilgan boshqa baxshilar ham, Yazd, Samarqand, Andijon baxshilari ham keng foydalandilar.

Ulug` mutafakkir Alisher Navoiy ijod etgan chog`larda arab xati bilan bir qatorda eski uyg`ur yozuvi ham ishlatilar edi. Ayniqsa, XV yuzyillikning boshlarida hali eski turkiy yozuvning mavqei yuqori bo`lib, o`sha kezlardagi ijod ahli, xususan, Mavlono Lutfiy, Sakkokiy singari katta avlod kishilarining xat savodi uyg`ur yozuvida chiqqan, ular o`z asarlarini ko`proq uyg`ur xatida yozganlar.

Navoiyning bobolari, otasi ham, el qatori, uyg`ur xatini ishlatgan. Tarixchi Mirzo Muhammad Haydar “Tarixi Rashidiy” asarining to`qson ikkinchi faslida Mir Alisher Navoiy to`g`risida ma`lumot bera turib, “Ularning otalarini “andakkina baxshi” deydurlar” deb yozgan edi [3]. Tarixchining bu yozganlari Navoiyning otasi baxshi (kotib) o`tganidan darak beradi; uni G`iyosiddin baxshi ataganlari ham bejiz emas. Navoiy ham yoshlik yillari uyg`ur xatini yaxshigina o`zlashtirgan, ilk she`rlari ichida o`sha yozuvda bitilganlari ham bo`lishi kerak, keyinchalik zamon o`zgarishiga qarab, arab yozuviga e`tibori ortgan ko`rinadi.

Shu fikrlarga tayangan holda aytish mumkinki, Navoiy mazkur kitob bilan tanish bo`lgan. U ushbu asarlarning uyg`ur yozuvli ayni qo`lyozmasini ham ko`rgan va undan foydalangan bo`lishi ham ehtimoldan holi emas.

XV yuzyillikning oxirlariga kelib uyg`ur yozuvi iste`moldan chiqa boshladi. Temuriylar zamonida bitilgan bebaho yozma obidalarning ayrimlari va, aytish mumkinki, eng nodirlari kunimizgacha etib kelgan.

Darvoqe, mazkur nodir qo`lyozmaning faksimile nusxasi o`tgan yilning noyabr oyida Toshkentda o`tkazilgan “Zamonlar chorrahasi: o`tmushning buyuk merosi – ma`rifatli kelajak poydevori” media formi doirasida yurtimizga keltirildi.

Rustam Jabborov

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1