1

​O`zbekistonda Aeronavtika federasiyasi tashkil etilganiga 2 yil to`ldi

Jamiyat 04.01.2019, 20:05
​O`zbekistonda Aeronavtika federasiyasi tashkil etilganiga 2 yil to`ldi

Bundan ikki yil avval, 2017 yil 6 yanvar kuni O`zbekistonda havoda uchish hamda uni rivojlantirishni maqsad qilgan Aeronavtika federasiyasi — nodavlat notijorat tashkiloti tashkil etilgan edi. O`zbekiston Aeronavtika federasiyasi havo sharida parvoz ishqibozlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Mazkur federasiya havoda uchish sportini rivojlantirishni asosiy maqsad qilib belgilagan.

— Havo sharida parvoz qilish nafaqat ko`ngilochar sport turi, balki yurtimizga ko`p sonli sayyohlarni jalb etishning eng samarali usullaridan biri hamdir, o`tgan ikki yil davomida havoda 2130 kishi parvoz qilishiga erishildi. Ular orasida bolalar 500 dan ortiq kishini tashkil etdi, - dedi federasiya raisi Tohir Soliev.

2018 yilning aprel oyida O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tashabbusi bilan O`zbekiston Aeronavtika federasiyasi hamda tijorat banklari hamkorligida Samarqand, Buxoro, Xiva va Boysun shaharlarida Xalqaro aeronavtika assosiasiyasi delegasiyasi vakillari ishtirokidaaerostatlar parvozlari amalga oshirilgan bo`lsa, O`zbekistonga safari chog`ida tasvirga olingan videolar asosida qiziqarli rolik tayyorlab, uni o`zbekistonliklar e`tiboriga havola qildi.

2018 yil davomida federasiya 3 ta xalqaro festivalga mezbonlik qildi. Shahrisabz shahrida bo`lib o`tgan “Maqom san`ati” xalqaro festivalida ishtirok etdi. Issiqlik aerostatlari uchun osma ko`tarmalarning 4 ta piloti tayyorlandi. Shveysariyalik hamkorlar bilan birgalikda ilk bor “Buyuk ipak yo`li bo`ylab havo sharida” birinchi ekspedisiya tashkil qilindi. Ekspedisiya natijalari bo`yicha O`zbekistondagi sayohat haqida video-rolik olindi va 2019 yilga taqvim tuzildi. Xiva shahrida Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda imkoniyatlari cheklangan, etim bolalarni havo sharida bepul ko`tarishlar tashkil qilindi.

Darhaqiqat, Havo sharlari qadim Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa tarixiy maskanlarni 100 metr balandlikdan tomosha qilish va betakror suratlar olish imkonini beradi. Shubhasiz, havo sharlari mahalliy va xorijlik sayyohlarda katta qiziqish uyg`otdi.

O`zbekiston Aeronavtika federasiyasi a`zolarining bildirishicha, asosiy maqsad ichki turizmni rivojlantirish, tarixiy shaharlarda sayyohlarga zamon talablari asosida xizmat ko`rsatishdir.



Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1