2017–2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasida eng kam oylik ish haqi miqdorini belgilash tartibi qayta ko`rib chiqilishi haqida ma`lum qilingan.
Qayd etilishicha, tegishli chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi. Dasturda:
- soliq va boshqa to`lovlarning eng kam ish haqi miqdori bilan bog`liq bo`lishiga barham berish;
- xodimlarning ish haqi miqdorini yagona tarif setkasi bo`yicha tarif koeffisientini oshirish hisobiga ko`paytirish;
- pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdorini yagona tarif setkasi bo`yicha tarif koeffisientlarini oshirish ko`rsatkichidan kelib chiqib ko`paytirish nazarda tutiladi.
Bajarish muddati – 2019 yil 1 mart, ijro uchun mas`ullar – Moliya vazirligi, Mehnat vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Markaziy bank.
Shuningdek, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoev parlamentga murojaatnomasida eng kam oylik ish haqi belgilash va pensiya tizimini qayta ko`rib chiqish kerakligini ta`kidlab o`tgan edi.






