O`zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi faoliyatini Saudiya Arabistonida ham taqdimot qilish, u erdagi vatandoshlarning yurtimizda bo`layotgan islohotlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida 4-14 yanvar kunlari Makka, Madina shaharlarida Fondning taqdimot marosimlari o`tkaziladi.
Shu munosabat bilan 4 yanvar kuni Fond rahbari Iskandar Xalilov Saudiya Arabistoniga uchib ketdi. Safar doirasida Saudiya Arabistoni “Vaqf” ishlari idorasi, “Movarounnahr” vaqf mulklari qo`mitasi, Makka shahridagi “Harami sharif” masjidi imomi, bir guruh vatandoshlar va talaba-yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etish hamda o`zbek takyaxonalari (vaqf mehmonxonalari)ga tashriflar uyushtirish ko`zda tutilgan.
Vaqf bu – Alloh yo`lida foydalanilishi yoki sarflanishi uchun ajratilgan mulkdir. Vaqf qilingan narsa sotilmaydi, hadya qilinmaydi, meros bo`lmaydi.
Ma`lumki, taqdir taqozosi bilan o`tgan asrning 20-30-yillarida diyorimizdan minglab kishilar xorijiy mamlakatlarga, xususan, Saudiya Arabistoniga chiqib ketishga majbur bo`lgan. Ular Makka, Madina va Toif shaharlarida ta`lim, tijorat va boshqa muhim jabhalarda faoliyat yuritib, katta hurmat-e`tiborga sazovor bo`lishgan. Jumladan, Makka va Madinadagi ikki haram – Masjidul Harom va Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning Masjidun Nabaviy atrofida ko`plab erlarni sotib olib, vaqf sifatida qoldirishgan.






