Sud Panamaning sobiq diktatori Manuel Noreganing mashhur Call of Duty otishma o`yinlari ishlab chiquvchisi – Activision kompaniyasiga qarshi da`vosini qanoatlantirmadi, deya xabar bermoqda kun.uz Eurogamer portali ma`lumotiga tayangan holda.
Norega Activision’ni 2014 yil iyulida sudga bergandi. Bunga Call of Duty: Black Ops II shuterida aynan sobiq diktatorga o`xshash personaj kiritilgani, u odamlarni o`g`irlovchi, qotil va davlat dushmani sifatida ko`rsatilgani sabab bo`lgandi.
Hozirgi vaqtda Panama qamog`ida o`tirgan Noreganing so`zlariga ko`ra, Activision unga etkazilgan ma`naviy zarar o`rnini qoplashi, shuningdek, beruxsat uning obrazidan foydalanganligi uchun javob berishi kerak.
Norega o`z da`vosida aynan uning qiyofasi paydo bo`lgani Black Ops II’ning mashhur bo`lib ketishiga sabab bo`lganini qayd etib o`tgan va shu sababli o`yin mualliflaridan qo`ldan chiqarilgan foyda uchun tovon puli to`lashni ham talab qilgandi.
Activision advokatlari esa ushbu ayblovlarni mantiqsiz deb atashdi va ko`plab badiiy asarlarda – kitoblar va telefilmlardan tortib videoo`yinlargacha barchasida asos qilib haqiqiy hayotda sodir bo`lgan voqealar tanlab olinishini ma`lum qilishdi.
Sudya Vilyam Feyxi Activision foydasiga hukm chiqararkan, Black Ops II o`yini Noreganing obrazi sabab emas, balki Activision’ning o`z sa`y-harakatlari samarasi o`laroq muvaffaqiyatga erishganini qayd etib o`tdi.
Manuel Norega Panama milliy gvardiyasining sobiq bosh qo`mondoni bo`lib, 1983-1989 yillarda u amalda davlat rahbari bo`lgan. 1992 yili u giyohvand moddalar bilan savdo qilish va terrorchilikni qo`llab-quvvatlash aybi bilan AQShda 40 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Keyinroq, 2010 yili uni Fransiyaga topshirishgan – bu erda sobiq diktatorni pul yuvishda ayblab, etti yilga qamashgan. Oradan bir yil o`tib Norega Panamaga topshirildi – u 1995 yildayoq Panama sudi tomonidan siyosiy raqiblarini yo`q qilgani uchun 20 yilga sirtdan qamalgandi.