Qirg`izistonning Jalolobod viloyatidagi Suzoq tumanida ko`pkari o`yini tufayli yosh yigitni o`ldirdilar. Bu haqda Suzoq tumani ichki ishlar bo`limi rahbari Nurbek Jonibekov ma`lum qildi, deb xabar bermoqda «Vecherniy Bishkek».
Uning so`zlariga ko`ra, 26 oktyabr kuni Almaluu qishlog`ida istiqomat qiluvchi fuqaro o`lgan otasi xotirasiga bag`ishlab ko`pkari musobaqasini uyushtirgan. O`yin tugagach, hamma o`z uyiga tarqagan. Yo`lda ketayotib, Aytiev va Qorabekovlar orasida nizo kelib chiqqan. Aytievlar oilasi a`zosi bo`lgan bola Qorabekov oilasidagilar ko`pkari vaqtida uning ulog`ini olib qo`yishga harakat qilganini aytib, urush boshlagan.
«Avvaliga Aytievlar — Bakay, Manas, Oybek va ularning do`sti Qorabekovlar bilan urishgan. Kuchlar teng kelmaganligi sababli Qorabekovlardan biri katta akasi — Qiyol Qorabekovni chaqirib kelgan. Ammo uning boshiga armatura bilan urilgandan so`ng, hushidan ketib qolgan. Aytievlar uni kasalxonaga olib borgan, lekin og`ir jarohat olgan yigitning joni yo`lda uzilib bo`lgan edi. Hozir aka-ukalar o`zini kasalga solib, javobgarlikdan qochmoqda», — deb ta`kidladi Jonibekov.
Bundan tashqari, ayni damda aka-ukalarga qarshi jinoiy ish qo`zg`atilgani, ikki oylik nazorat ostiga olingani qayd etildi. Hozir ular kasalxonada ekanliklarini inobatga olinib, soqchi qo`yilgan maxsus palataga joylashtirilgan.





