Barcha yo`nalishlar bo`yicha parvozlar to`xtatilganidan keyin “Tajik Eyr” aviakompaniyasi o`z xodimlarining ko`pchiligini pul to`lanmaydigan ta`tilga chiqardi.
Biroq milliy aviatashuvchining xodimlari bir necha oydan beri maosh olishmayotganini ta`kidlashmoqda va avvaliga maoshlar to`lanishini ish beruvchidan talab qilishmoqda.
Davlatga tegishli “Tajik Eyr” aviakompaniyasi 4 yanvar kuni Rossiya va boshqa mamlakatlarga parvozlarini vaqtincha to`xtatdi. Aviakompaniya matbuot kotibi Aziz Xayrulloev xodimlarning katta qismi, jumladan, uchuvchi va styuardessalar pul to`lanmaydigan ta`tilga chiqarilganligini tasdiqladi. Uning so`zlariga qaraganda, barcha yo`nalishlar bo`yicha parvozlar to`xtatilganidan keyin xodimlarning ayrim qismini pul to`lanmaydigan ta`tilga chiqarish zarurati paydo bo`ldi.
“Biz tez orada vaziyat yaxshi tomonga o`zgarishiga umid qilamiz, biz yana belgilangan yo`nalishlar bo`yicha parvozlarni amalga oshirishda davom etamiz va xodimlar ta`tildan chaqirib olinadi”, - deydi suhbatdosh.
Ayni damda “Tajik Eyr”ning barcha yo`nalishlar bo`yicha parvozlari to`xtatilgan, kuz oylaridan qish oylaridagi davrda Rossiya shaharlariga yo`lovchilarni “Somon Eyr” aviakompaniyasi samolyotlari eltib qo`yadi.
“Tajik Eyr” aviakompaniyasi 13 ta shaharga – Moskva, Sankt-Peterburg, Ekaterinburg, Novosibirsk, Surgut, Bishkek, Olmaota, Samarqand va boshqa shaharlariga samolyot parvozlarini yo`lga qo`ygan edi.
Aviakompaniya taqdirini ayni damda bosh vazir Qohir Rasulzoda rahbarligidagi hukumat komissiyasi hal qilmoqda. Komissiya milliy aviatashuvchining moliyaviy ahvolini o`rganib chiqmoqda qaror bir oy mobaynida chiqarilishi kerak. Ikkita variant ko`rib chiqilmoqda: aviakompaniya yo bankrot deya e`lon qilinadi yo vaziyat to`g`rilanib aviakompaniya faoliyati qayta tiklanadi.