1

II Paraosiyo o`yinlari g`oliblariga pul mukofotlari topshirildi

Sport 31.10.2014, 08:59
II Paraosiyo o`yinlari g`oliblariga pul mukofotlari topshirildi

Joriy yilda ham sportchilarimiz ko`plab g`alabalarni qo`lga kiritdi. 16-28 avgust kunlari Xitoyning Nankin shahrida o`tkazilgan II o`smirlar Olimpiadasida navqiron yoshlarimiz 4 oltin, 3 kumush va 3 bronza medalga sazovor bo`ldi, deya xabar qiladi O`zA.

19 sentyabr – 4 oktyabr kunlari Janubiy Koreyaning Incheon shahrida bo`lib o`tgan XVII Osiyo o`yinlarida O`zbekiston sport delegasiyasi vakillari 9 oltin, 14 kumush va 21 bronza medalga, jamoaviy bahslarni hisobga olganda, jami 12 oltin, 14 kumush va 35 bronza medal bilan Vatanimizning xalqaro miqyosdagi shon-shuhratini yanada yuksaltirishga, xalqimizning qudrati va salohiyatini namoyon etishga munosib hissa qo`shdi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e`tibor samarasida mamlakatimiz yoshlari iste`dodli, azmu shijoatda tengsiz avlod bo`lib voyaga etmoqda. Bu dunyoning turli mintaqalarida bo`lib o`tayotgan nufuzli musobaqalarda O`zbekiston sportchilarining yuksak g`alabalarni qo`lga kiritib, davlatimiz bayrog`ini baland ko`tarayotganida yaqqol namoyon bo`lmoqda.
Ushbu muvaffaqiyatlar har birimizning qalbimizga olam-olam quvonch, g`urur va iftixor tuyg`ularini olib kiradi.
18-24 oktyabr kunlari Incheonda o`tkazilgan II Paraosiyo o`yinlarida 27 nafar sportchimiz engil atletika, dzyudo, suzish va o`q otish bo`yicha musobaqalarda 22 oltin, 5 kumush va 4 bronza, jami 31 medalni qo`lga kiritib, qirqdan ziyod davlat orasida beshinchi, Markaziy Osiyo davlatlari o`rtasida birinchi o`rinni egalladi. Paralimpiyachilarimizning bu muvaffaqiyati katta sportda kamdan-kam kuzatiladigan holat. 27 sportchining Paraosiyo o`yinlarida 31 medalni qo`lga kiritishi haqiqatda tahsinga loyiq natijadir. Boshqacha aytganda, sportchilarimiz o`zbek xalqining hech kimdan kam emasligini va hech qachon kam bo`lmasligini yana bir karra isbotladi.
Prezidentimiz Islom Karimovning farmoyishiga muvofiq II Paraosiyo o`yinlarining g`olib va sovrindorlari pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shon-shuhrati” muzeyida 30 oktyabr kuni II Paraosiyo o`yinlari g`olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag`ishlangan marosimda mukofotlar topshirildi.
Tadbirda davlatimiz rahbarining sportni rivojlantirishga qaratayotgan doimiy e`tibori tufayli jismoniy tarbiya va sport imkoniyati cheklangan yoshlar o`rtasida ham tobora ommalashib borayotgani, paralimpiyachilarimiz turli nufuzli musobaqalarda yuqori natijalarga erishayotgani alohida ta`kidlandi.
Prezidentimizning 2013 yil 25 fevraldagi “O`zbekiston sportchilarini 2016 yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo`lib o`tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o`yinlariga tayyorlash to`g`risida”gi qaroriga muvofiq sportchilarimizning zamonaviy me`yorlar asosida o`quv-mashg`ulot yig`inlarini o`tkazishi, tajriba va mahorat oshirishi, Paraosiyo o`yinlariga yo`llanma beradigan musobaqalarga puxta tayyorlanishi va ularda munosib qatnashishi uchun barcha shart-sharoit yaratildi.
Bu sportchilarimizning II Paraosiyo o`yinlarida yuksak g`alabalarni qo`lga kiritishida asosiy omil bo`ldi. Musobaqaning engil atletika bo`yicha bahslarida paralimpiyachilarimiz 8 oltin, 4 kumush va 3 bronza medalni qo`lga kiritdi.
Terma jamoamiz a`zolaridan Faxriddin Hamroev erishgan natija alohida tahsinga loyiq. U 800 metr masofaga yugurishda marraga birinchi etib kelib, Osiyo rekordini yangiladi. 200 va 400 metrga yugurishda ham raqiblaridan har tomonlama ustun ekanini isbotladi. Uning 400 metrga yugurishda egallagan natijasi qit`a va Paraosiyo o`yinlari rekordi sifatida qayd etildi.
Iqtidorli engil atletikachimiz Ma`rufjon Murodillaev 1500 va 800 metr masofaga yugurish bahslarida marraga birinchi kelib, ikki marta shohsupaning eng yuqori pog`onasiga ko`tarildi. U ham mazkur masofalarda erishgan natijalari bilan Osiyo rekordchisiga aylandi.
Yana bir oltin medal 4x100 metr masofaga yugurish bo`yicha o`tkazilgan jamoaviy bahsda qo`lga kiritildi. Terma jamoamiz safida Miran Saxatov, Doniyor Soliev, Ulug`bek Choriev va Faxriddin Hamroev eng yuqori natijani ko`rsatdi.
O`zbekiston sport delegasiyasi bayroqdori Mavlonbek Haydarov yadro uloqtirishda 14 metr 39 santimetr natija qayd etib, Osiyo rekordini o`rnatdi.
– Paraosiyo o`yinlarida xalqimiz, Prezidentimiz ishonchini oqlaganimizdan behad xursandmiz, – deydi M.Haydarov. – Qo`lga kiritgan g`alabam sharafiga Vatanimiz madhiyasi yangrab, bayrog`imiz ko`tarilganida cheksiz faxrni his qildim. Bular mustaqilligimiz sharofati, davlatimiz rahbari tomonidan biz, sportchilarga ko`rsatilayotgan alohida g`amxo`rlik mevasi, ustozlarimiz bilan yillar davomida olib borgan mehnatlarimiz mahsulidir.
Engil atletikaning disk uloqtirish bahslarida Husniddin Norbekov 53 metr 84 santimetr natijani qayd etib, birinchi o`rinni egalladi.
Uzunlikka sakrash musobaqalarida ishtirok etgan Farrux Mirzaqulov kumush, turli masofalarga yugurish bo`yicha Miran Saxatov ikkita kumush, Sirojiddin Norov ikkita bronza va Damir Pashaev bitta bronza medal bilan taqdirlandi.
Musobaqada dzyudochilarimizning ishtiroki ham samarali bo`ldi. Sportchilarimiz ettita oltin, bittadan kumush va bronza medalni qo`lga kiritdi.
Sharif Xalilov vazni 81 kilogrammgacha bo`lgan polvonlar musobaqasida eronlik Said Nuri Ja`fariy, yaponiyalik Yusuke Xatsuse, hal qiluvchi bahsda tailandlik Rung Chatfuengni mag`lubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pog`onasiga ko`tarildi. Dzyudo bo`yicha jahon chempioni Odiljon Tulendiboev eng og`ir vazndagi polvonlar bellashuvida o`z salohiyatini namoyon etdi. U hal qiluvchi bahsda eronlik Hamza Nadriyni 19 soniyada engib, Paraosiyo o`yinlarining oltin medaliga sazovor bo`ldi.
Vazni 73 kilogrammgacha bo`lgan polvonlar bahsida hamyurtimiz Feruz Saidov ham terma jamoamiz hisobiga oltin medalni tuhfa etdi.
– Musobaqada oltin medalni qo`lga kiritganimdan behad mamnunman, – deydi F.Saidov. – Erishgan muvaffaqiyatlarimiz zamirida Prezidentimiz rahnamoligida yoshlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, o`z iqtidor va iste`dodini yuzaga chiqarish uchun qaratilayotgan yuksak e`tibor va g`amxo`rlik mujassam. Endigi niyatim 2016 yili Braziliyada o`tkaziladigan Paralimpiya o`yinlarida ham yuqori natijalarga erishish.
Polvonlarimizdan Sherzod Namozov, Nurbek Berdiyorov, Shuhrat Boboev, qizlar bahsida Sevinch Salaeva ham o`z vazn toifasida barcha raqibi ustidan muvaffaqiyat qozonib, oltin medalni qo`lga kiritdi. Gulruh Rahimova kumush medal bilan taqdirlangan bo`lsa, Shirin Sharipov kuchli uchlikdan joy oldi.
Suzish bahslarida ishtirok etgan hamyurtimiz Kirill Pankov bir yo`la to`rtta, Dmitriy Xorlin uchta oltin medalni qo`lga kiritdi. Londonda o`tgan Paralimpiya o`yinlarida munosib ishtirok etib, ikki marta Osiyo rekordini o`rnatgan Kirill Pankov 50 va 100 metr masofaga erkin, 100 metrga chalqancha va 200 metrga kompleks usulda suzish bo`yicha raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmagan bo`lsa, Dmitriy Xorlin 50, 100 va 400 metrga erkin usulda suzish bahslarida shohsupaning eng yuqori pog`onasiga ko`tarildi. E`tiborlisi, Dmitriy Xorlinning har uch yo`nalishda, Kirill Pankovning 50 metr masofaga erkin suzishda qayd etgan natijasi Osiyo rekordi sifatida e`tirof etildi.
Marosimda O`zbekiston xalq shoiri I.Mirzo va boshqalar sportchilarimizni Paraosiyo o`yinlaridagi yuksak muvaffaqiyati bilan tabriklab, kelgusi nufuzli musobaqalarda omad tiladi.
O`zbekiston milliy paralimpiya assosiasiyasi raisi o`rinbosari U.Ahmadjonov, engil atletika bo`yicha murabbiy S.Abduxoliqov, sportchilar F.Saidov, S.Salaeva, M.Haydarov va boshqalar sportni rivojlantirish va sportchilarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash borasida ko`rsatayotgan doimiy e`tibori uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildirdi. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1