Germaniyaning Myunxen shahrida kuzatilayotgan noqulay ob-havo sharoiti bir qator muammolarni keltirib chiqarmoqda, deb xabar bermoqda RIA Novosti nashri.
Kuchli qor bo`ronlari tufayli Fransa-Yozefa Shtraus xalqaro aeroportida 240 ta qatnov bekor qilindi. Taxminan 170 ta parvoz esa yarim soatga kechiktirilgan. Bu kabi holat avtomobil yo`llarida ham sodir bo`lmoqda. Yuzaga kelayotgan tirbandliklar soatlab davom etmoqda. Temiryo`l stansiyalarida ham vaziyat og`ir. Ma`muriyat xavfsizlik sabab poezd qatnovlarini to`xtatishga qaror qildi. Meteorologiya xizmati vakillari hafta so`ngiga borib bo`ron yanada kuchayishi haqida ogohlantirishmoqda.






