Qozog`iston IIV Favqulodda vaziyatlar qo`mitasi Ostonadagi Koktal-1 mavzesida yuz bergan yong`inning aniq sabablarini e`lon qildi.
“Yong`inga tutun chiquvchi mo`rining ajratuvchi qismida yong`in xavfsizlik qoidalarining buzilishi sabab bo`lgan. Ya`ni tomdan tutun chiqib ketadigan joy bo`lmagan. Bu pechka ishlatilganida yong`inga olib kelgan. Boshpana yongan va qulab tushgan“, dedi viloyat fuqaro muhofazasi ustidan nazorat va falokatlar xatarini kamaytirish boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari Jasulan Aktaev telekanalga bergan intervyusida.
Uning ta`kidlashicha, ko`pincha turar joy binolarining egalari FV xodimlarini uyga kiritmaydi, shunday holatlar ham bo`ladiki, suhbat eshik ortida bo`lib o`tadi. Turar joylar binolari fuqaro muhofazasi idoralari tomonidan nazorat qilinmaydi. Turar joy binolarida yong`inlar sonini qisqartirishning birdan bir chorasi – bu uyma-uy yurib profilaktika tadbirlarini o`tkazishdir.
Juma kundan boshlab Ostonadagi ko`p bolali oilalarning uylariga is gazidan saqlanuvchi jihozlar o`rnatila boshlandi. Qozog`istonning boshqa mintaqalarida ham turar joy mavzelari bo`ylab reydlar uyushtirilmoqda.
Aktaevning so`zlariga qaraganda, har yili mamlakatda 15 mingga yaqin yong`in qayd qilinadi, ularning 70 foizi turar joy sektori hissasiga to`g`ri keladi. So`nggi yillarda yong`inlar oqibatida halok bo`layotganlar soni 20 foizga oshdi. 2019 yilning bir oyi mobaynida 116 kishi halok bo`ldi.
4 fevral kuni Ostonadagi Koktal-1 mavzesidagi xususiy turar joy boshpanasida yuz bergan yong`in oqibatida besh nafar opa-singil halok bo`ldi, ularning eng kattasi 12 yoshda, eng kichigi esa bir yoshga ham to`lmagan edi. Mahalliy rasmiylarning ma`lum qilishicha, yong`in boshlangan vaqtda qizlarning ota-onalari ishda bo`lgan.
6 fevral kuni rasmiylar “mamlakat fuqarolari daromadlari va turmush darajasini oshirish, jumladan ko`p bolali oilalarni qo`llab-quvvatlash” maqsadida hukumat qoshida ishchi guruh tashkil etilganini ma`lum qildi. Sanoat va taraqqiyot infratuzilmalar vaziri Jenis Qasimbekning bayonotiga qaraganda, o`z idorasi “ko`p bolali oilalarga uy qurishni moliyalashtirish yo`llarini qidirmoqda”.
Kuni kecha Ostonadagi Oyil ko`chasida joylashgan ikki qavatli yotoqxonada yong`in yuz berdi. Bir oilaning 2006, 2009, 2012 va 2013 yillarda tug`ilgan to`rt farzandi is gazidan zaharlandi, deya xabar berdi Qozog`iston IIVning Favqulodda vaziyatlar qo`mitasi.
Yotoqxonadagi xonalardan birida uy jihozlari va mebel yonib ketdi. O`t o`chiruvchilar tomonidan 10 kishi binodan evakuasiya qilindi va bir bolakay qutqarib qolindi.
“Is gazidan zaharlangan bir oilaning to`rt farzandi shifoxonaga yotqizildi. Yong`inni o`chirishga Ostona favqulodda vaziyatlar departamentining 15 kishidan iborat shaxsiy tarkibi va 4 ta o`t o`chirish texnikasi jalb qilindi”, deya xabar berdi FVQ.
Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, yong`inga elektr simidagi qisqa tutashuv sabab bo`lgan bo`lishi mumkin.






