Bugun eshak va eshak go`shti muammosi dunyoning boshqa bir burchagida — Keniyada dolzarb tus olgan. Hammasiga mamlakatda eshak go`shti iste`moli va eksportiga rasman ruxsat berilishi sabab bo`lgan. Bu haqda BBC’ga tayanib, «Xalq so`zi» xabar berdi.
Keniya misolida ham asosiy xaridor sifatida Xitoy o`rtaga chiqqan.
Eshak go`shti va terisiga bo`lgan buncha talabni ko`rib, mahalliy qassoblar kuniga mingtacha eshak so`yishga o`tishgan. Buning ortidan, bozorda eshaklarning narxi osmonga sapchigan, eshak o`g`rilari soni keskin ko`paygan. Keniya qishloqlarida hali-hanuz ko`pchilik eshaklar mehnatidan foydalanadi. Eshaklarda suv, o`tin, ko`mir keltiradi, qum tashib, sotib, tirikchiligini o`tkazadi.
Ularning aytishlaricha, mavjud vaziyatni ko`rib, uyqularini yo`qotishgan, eshaklarini o`g`rilardan himoya qilish tashvishiga tushib qolishgan.
Ma`lum bo`lishicha, hammadan ham ekspertlar xavotirda. Ularga ko`ra, eshaklarni so`yish jarayoni jadallik bilan tartibga solinmasa, bor-yo`g`i 10 yilning o`zida Keniyada birorta ham eshak qolmasligi mumkin.
Eshak o`g`rilari, eshak go`shti va eshak terisi mavzusi yaqinda Markaziy Osiyo davlatlarida ham bo`y ko`rsatgandi.
Mahalliy aholi orasida va ommaviy-axborot vositalarida qizg`in bahsu munozaralarga ham sabab bo`lgan.
O`tgan yil boshida «O`zbekiston 24» telekanali eshak go`shtini mol go`shti deya jamoat oshxonalariga tarqatgan uch shaxs qo`lga olingani haqidagi ko`rsatuvni namoyish etgan.
2017 yil noyabrida esa Toshkentdagi kolbasa sexiga Xorazmdan 69 kilogramm eshak go`shtini olib kelgan ikki shaxs va bu go`shtni mol go`shti deb rasmiylashtirgan sex xodimlari ustidan jinoyat ishi qo`zg`atilgani xabar qilingandi.
Qirg`izistonda esa o`tgan besh yil ichida eshaklar soni ikki barobar kamayib ketgan. Hukumat bergan ma`lumotlarga ko`ra, 2012 yilda mamlakatda 77 ming bosh eshak bo`lgan.
2017 yilga kelib esa ularning soni 33 mingtaga tushib qolgan. Ekologlarning ogohlantirishlaricha, yana bir necha yildan keyin Qirg`izistonda ham eshaklar umuman yo`qolib ketishi mumkin.
Xabarga ko`ra, xitoyliklar eshak terisini eszyao jelatini tayyorlashga ishlatadi.
An`anaviy xitoy tibbiyotida bu jelatin bilan kamqonlik va saraton xastaliklari davolangan, hozirda esa u kosmetika, oziq-ovqat sanoati va qandolat mahsulotlariga qo`shiladi.
Xitoyda uni «hayot» yoki «yoshlik eliksiri» sifatida reklama qiladilar.
Xitoy tabiblarining iddao qilishicha, bu eliksir qon aylanishini yaxshilaydi, bola tushib qolishi oldini oladi va teri qarishini sekinlashtiradi.
Alibaba internet-do`konida eszyao asosida tayyorlangan mahsulotlar narxi $2000 ga qadar etishi mumkin.
Xitoyning Sog`liqni saqlash bo`yicha davlat qo`mitasi eszyaoning foydali xususiyatlari bo`rttirib yuborilgani haqida ogohlantirishiga qaramay, eshak terisini qayta ishlash sohasi faqat gullab-yashnamoqda.
Xitoyning o`zida yiliga 4 million eshak eszyao tayyorlash uchun so`yiladi.
Rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, mamlakatdagi eshaklar soni 1990 yildagi 11 milliondan 2017 yilda 3 millionga tushib qolgan.
Uzoq yillar davomida eshaklar Xitoyga Afrikadan olib kelingan.
Ammo bu qit`adagi kamida etti davlat jonivorlarning xorijga sotilishini taqiqlab qo`ygan.
O`shandan so`ng xitoylik tadbirkorlar e`tiborini Markaziy Osiyoga qarata boshlagan.