AsosiyJamiyat

Gulistonda endi bo`lajak kelin-kuyovlar 16 soatlik maxsus kurslarda o`qiydi

'Gulistonda endi bo`lajak kelin-kuyovlar 16 soatlik maxsus kurslarda o`qiydi'ning rasmi

Guliston shahridagi «Bo`lg`usi kelin-kuyovlar innovasion maktabi»da o`quv kurslari boshlandi, deb yozadi «Xalq so`zi».

— Bo`lg`usi kelin-kuyovlar innovasion maktabi» mustahkam va namunali oilalar ko`payishiga sezilarli hissa qo`shishiga shubha yo`q, — deydi mazkur «Nikoh uyi» mudirasi Lola Muratova. — Bu erda bo`lg`usi kelin-kuyovlar uchun oilaviy munosabatlarning ma`naviy-axloqiy asoslari, oila iqtisodiyoti, ro`zg`or va byudjetini yuritish, oiladagi ijtimoiy muhim, nikoh munosabatlari, sog`lom turmush tarzi, gender masalalari, oilaviy munosabatlarni uyg`unlashtirish va nizolarning oldini olish, muloqot madaniyati, huquqiy munosabatlar, oilani idora etish kabi masalalar yuzasidan mahorat darslari o`tiladi. Mavjud o`quv dasturlaridagi ma`lumotlar ilmiy-uslubiy jihatdan, ya`ni milliy qadriyatlar asoslarining zamonning fan va jamiyat taraqqiyoti tendensiyalari bilan, psixologiya va boshqa ijtimoiy-huquqiy sohalardagi yangiliklari – innovasiyalari bilan uyg`un holda amalga oshiriladi.

Innovasion maktabda FHDYo bo`limlariga nikoh uchun ariza topshirganlardan tashqari turmush qurishni rejalashtirayotgan yigit-qizlar, kasb-hunar kollejlari va umumta`lim maktablarining bitiruvchi o`quvchilari uchun qisqa muddatli axborot sessiyalari ham tashkil etiladi. Qizlar uchun «Oila» markazi tomonidan ishlab chiqilgan «Oila» mobil ilovasi, kelin-kuyovlarga esa «Mustahkam oilaga yo`llanma» yon daftarchalari taqdim qilinadi. Shuningdek, masofadan o`qitish va maslahat berish shakllari ham yo`lga qo`yiladi.

Ma`lumot uchun, bo`lg`usi kelin-kuyovlar innovasion maktablari O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi «Xotin –qizlarni qo`llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Farmoni va 2018 yil 27 iyundagi «O`zbekiston Respublikasida «Oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini tasdiqlash to`g`risida»gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilmoqda.

    Boshqa yangiliklar