Odatda tanamizdagi bezovtaliklar, xususan, og`riqlarni dori preparatlari yordamida mahv etamiz yoki «o`tib ketar» deya e`tibor bermaymiz. Aslida esa hech bir og`riq sababsiz yuzaga kelmaydi.
Bosh og`rig`i
Kutilmaganda paydo bo`lgan bosh og`rig`i ko`ngil aynishi, bosh aylanishi, ko`z oldining qorong`ilashishi bilan kuzatilsa, albatta, shifokorga murojaat eting. Bosh og`rig`ining sabablari qon bosimi, zo`riqish, stress, anevrizm va insult oldi holati bo`lishi mumkin.
Tish og`rig`idan uyg`onib ketdingiz...
Tunda tishingiz og`rib qoldi. Xo`sh, nima qilasiz? Og`izni g`arg`ara qilish, og`riqsizlantiruvchi preparatlar yordam berishi mumkin. Biroq bu vaqtinchalik muolajalar xolos. Yaxshisi, muammo ildiz otishiga yo`l qo`ymang-da, tongdan stomatolog huzuriga boring.
Qorin sohasidagi bezovtalik
Kindik atrofi, qorindan pastga qarab yo`nalgan og`riq ichaklar faoliyatidagi o`zgarishlar, spazm (siqilish), qorin dam bo`lishi va jinsiy a`zolardagi yallig`lanish jarayonlaridan xabardor qiladi. Bu paytlarda issiq muolajalar qo`llash tavsiya etilmaydi. Terapevt shifokor, mana kim sizga yordam beradi.
Beldagi og`riq
Aksar hollarda bachadon ichki vositasi – spiral bilan bog`liq deb o`ylab, buyrak, siydik yo`llaridagi infeksiyalarni ko`zdan qochiramiz. Beldagi achishuvchan, zirqiragan og`riq buyrakda tuz yig`ilishi yoki ushbu a`zodagi shamollash bilan bog`liq bo`lishi mumkin. Shu bilan birga bachadon shilliq qavatining yallig`lanishi, eroziya kabilar ham belda og`riq paydo qiladi.
Oyoq boldiri
Muntazam tik holatda bo`lish, baland poshnali poyabzal, vena qon tomirlarining kengayishi, qon aylanishining buzilishi kabilar oyoq boldiridagi simillagan og`riqning sabablaridir. Agar sizda bu turdagi og`riq bo`lsa, kechqurun dengiz tuzidan vanna, uqalash mashqlari va oyoqni tanadan xiyol baland ko`tarib yotish tavsiya etiladi.
Quloq og`rig`i
Asosan shamollash asoratida yuzaga kelsa-da, keskin og`riq qo`zg`alishi bilan ajralib turadi. Quloq og`rig`ini aslo e`tiborsiz qoldirib bo`lmaydi. Chunki quloqdagi nerv tolalarining miya bilan bog`liqligi bor.