1

DXX giyohvand moddalar savdosiga chek qo`ydi

Jinoyat 27.02.2019, 14:52
DXX giyohvand moddalar savdosiga chek qo`ydi

Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o`zbek-tojik davlat chegarasini noqonuniy kesib o`tgan vaqtda 1978 yilda tug`ilgan, Tojikiston Respublikasi fuqarosi, So`g`d viloyati Mastchox tumani Fotixobod posyolkasida yashovchi Mirzaraxmad Majidov ushlandi. Uning qo`l yuklari ko`zdan kechirilganda sof og`irligi 773 gr. bo`lgan opiy moddasi borligi aniqlandi va tegishli tartibda rasmiylashtirildi.

Shuningdek, Toshkent tumani “Shodlik” ko`chasi 49-uyda yashovchi 1980 yilda tug`ilgan Shahobiddin Zokirov va uning onasi Zulfiya Nabievalar ham huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarida shubha uyg`otdi va dastlab ular yashaydigan xonadon kuzatuvga olindi. Videonazorat xonadon oynasidan shubhali narsa uloqtirilganligini tasvirga tushiradi. Shundan so`ng tekshiruv harakatlari davom ettirilib, natijada ushbu uloqtirilgan shubhali narsa ichida salkam 3 kg. marixuana giyohvand moddasi aniqlandi va tegishli tartibda rasmiylashtiriladi.

Navbatdagi giyohvand moddalar savdosi bilan bog`liq holat Davlat xavfsizlik xizmati Qashqadaryo viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan aniqlandi. 1989 yil Chiroqchi tumanida tug`ilgan Hamza Bobomirzaev “Lasetti” avtomashinasida Toshkent shahriga yo`l oladi. Avtomashina “Umakay” yo`l patrul xizmati maskanida ko`zdan kechirilganida 120 gr. marixuana vositasi borligi aniqlandi. Surishtiruv davomida Hamza Bobomirzaev uni Toshkent shahriga olib borib sotmoqchi bo`lganligi ma`lum bo`ldi. Tezkor guruh tomonidan Hamza Bobomirzaevning yashash manzili ham ko`zdan kechirilganda uyning erto`lasidan 5 kg. 294 gr. marixuana giyohvandlik vositasi rasmiylashtirib olindi.

Bundan tashqari, Davlat xavfsizlik xizmati Farg`ona viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan O`zbekiston Respublikasiga kontrabanda yo`li bilan olib kelingan gashish giyohvand moddasi savdosiga chek qo`yildi.

Bir muddat avval geroin savdosi bilan ushlangan fuqaro Ma`mur Mamatqulovning ko`rsatmasiga ko`ra, qirg`izistonlik Haydar ismli shaxs gashish moddasini O`zbekistonga olib o`tib, belgilangan joyga yashirib ketganligi ma`lum bo`ldi. O`tkazilgan tekshiruv natijasida Qirg`iziston Respublikasiga chegaradosh bo`lgan Quvasoy shahar Polvon mahallasidagi dala shiyponi devori ostidan qora sellofan paket ichida 10 dona alohida bo`laklarda bo`lgan sof og`irligi 7 kg. 662 gr. Miqdordagi gashish giyohvand moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi.

O`zA xabariga ko`ra, hozirda barcha holatlar yuzasidan O`zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1