2014 yilning 12 noyabr kuni Jizzaxda »Milliy sport turlari va xalq o`yinlari» festivali boshlandi, deya xabar bermoqda 12news.uz.
O`zbekiston madaniyat va sport ishlari vazirligi, Respublika milliy sport ishlarini rivojlantirish Markazi Bosh direksiyasi hamda Jizzax viloyat hokimligi tomonidan tashkil etilgan mazkur musobaqaga barcha viloyatlardan jami 700 nafardan ortiq sportchilar tashrif buyurdilar.Jizzax otchopari markaziy sahnasida bo`lib o`tgan festivalning tantanali ochilish marosimida so`z olgan Jizzax tuman hokimi Akmal Abdullaev ilk bor o`tkazilayotgan mazkur sport festivalining ahamiyatiga to`xtalib o`tar ekan, Jizzax tumani mazkur bahslarni o`tkazishga mezbonlik qilayotgani bilan faxrlanishini ta`kidladi.
Kurash, belbog`li kurash, bel olish, o`zbek jang san`ati hamda turon yakka kurashi bo`yicha o`tkazilgan baxslar yoshlar o`rtasida sportning ushbu turlarini ommalashtirishga xizmat qilsa, xalqimizning ko`p ming yillik an`analarini o`zida aks ettirgan uloq-ko`pkari musobaqalari milliy – ma`naviy merosimizni tarannum etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Festivalning tantanali ochilish marosimidan so`ng sportchi yoshlar tomonidan “O`zbek jang san`ati” turi bo`yicha ko`rgazmali chiqishlar namoyish etildi. Shundan so`ng baxslarga start berilib, sportchi yoshlar birinchilik uchun gilamga tushdilar.
Musobaqaning saralash bosqichlari bugun yakunlansa, ertaga 13 noyabr kuni final musobaqalarini o`tkazish rejalashtirilgan. Shu kuni soat 12:00 dan 17:00ga qadar “Uloq-ko`pkari” musobaqalari bo`lib o`tadi. G`olib va sovrindorlar baxslar yakunlangach festival tashkilotchilari tomonidan taqdirlanishi kutilmoqda.