1

Andijon shahridagi markaziy poliklinikada yuzaga kelgan portlash sabablari ma`lum qilindi

Jamiyat 02.03.2019, 04:30
Andijon shahridagi markaziy poliklinikada yuzaga kelgan portlash sabablari ma`lum qilindi

Xabar berganimizdek, 26 fevral kuni soat 10:26 da Andijon shahar ko`p tarmoqli markaziy poliklinikasi hududidagi “Issiqlik manbai” AJga qarashli isitish qozonida portlash yuzaga kelgan edi.

Tashkil etilgan ishchi guruhi tomonidan olib borilgan o`rganishlar natijasida portlash sabablari aniqlandi, deb xabar bermoqda "Xalq so`zi" nashri.

Ma`lum bo`lishicha, poliklinika joylashgan hududda olib borilayotgan ta`mirlash ishlari natijasida uch kun davomida suv ta`minotida uzilish yuzaga kelgan. Bu haqida mahalliy ommaviy axborot vositalari orqali xabar berilgan. Shunga qaramay, qozonxona ishchilarining e`tiborsizligi tufayli qozonxona vaqtinchalik o`chirilmagan va suvsiz qizib ketishi oqibatida portlash yuzaga kelgan.

— Andijon shahri, Mashrab ko`chasi, 39-uyda joylashgan Andijon shahar ko`p tarmoqli markaziy poliklinikasi hududidagi “Issiqlik manbai” AJga qarashli “A.K.S-100” rusumli isitish tizimi qozonxonasida yuz bergan portlashdan so`ng aholi turarjoylari va mehnat jamoalarida tushuntirish ishlari olib borilyapti. Hududlarda joylashgan isitish qozonxonasi mavjud bo`lgan ob`ektlar ro`yxatlari tuzilib, kunduzgi hamda tungi reyd tadbirlari o`tkazilmoqda, — deydi viloyat IIB YoXB katta muhandisi Azizbek Yorqulov.

Viloyat hokimligida bo`lib o`tgan yig`ilishda portlash sabablari muhokama qilindi. Unda mutasaddilarga soha xodimlarining malakasini, zimmasiga yuklatilgan mas`uliyat hissini oshirish maqsadida tadbirlar tashkil etish vazifasi yuklatildi. Shuningdek, mavjud qozonxonalarning yaroqlilik darajasini o`rganish, texnik sozligini ta`minlash va hal etilishi lozim bo`lgan masalalarga zudlik bilan chora ko`rish yuzasidan kelishib olindi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1