O`zbekiston 2014 yilning sentyabr oyida Xitoyga umumiy qiymati 116 million dollarga teng bo`lgan 360 million kubometr gaz eksport qildi, deya xabar bermoqda Podrobno.uz.
Xitoy bojxona idorasi ma`lumotlariga asoslanib «Interfaks»ning yozishicha, bu Markaziy Osiyodan Xitoyga etkazib berilgan jami gazning 13 foizini tashkil etadi va yillik hisobda barqaror o`sish sur`ati 56,52 foizga teng bo`lib turibdi.
Turkmaniston Xitoy bozoriga gaz etkazib berish bo`yicha Markaziy Osiyoda etakchi mamlakat bo`lib qolmoqda – 2014 sentyabrida mamlakat Xitoyga qiymati 848 million dollarga teng 2,38 milliard kubometr gaz etkazib bergan. Ma`lumot uchun, butun bir 2013 yil davomida Turkmaniston Xitoyga 24,78 milliard kubometr gaz o`tkazgandi.
Xitoyga 2013 yil iyulidan boshlab gaz etkazib berishni yo`lga qo`ygan Qozog`iston esa 2014 yilning sentyabrida 30 million kubometr gaz sotgan bo`lib, bu o`tgan yilning shu davrida Xitoyga etkazib berilgan gaz hajmidan 10 million kubometrga ko`proq.





