AsosiyJamiyat

"Sog`lom bola yili"da Toshkentda 433 ta bolalar to`garagi faoliyati yo`lga qo`yildi

“Sog`lom bola yili” Davlat dasturi asosida madaniyat va aholi dam olish markazlarida bolalar uchun turli yo`nalishlarda 433 to`garak faoliyati yo`lga qo`yildi. Bolalarning madaniy hordiq chiqarishini ta`minlash maqsadida yozgi mavsumda shahardan tashqarida 20 oromgoh, maktablarda 36 oromgoh tashkil etildi, deya xabar beradi O`zbekiston Milliy axborot agentligi rasmiy sayti.

Boshqarma vakillarining ma`lum qilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 29 dekabrdagi “2011-2015 yillarda madaniyat va istirohat bog`larining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari dasturini tasdiqlash to`g`risida”gi qaroriga asosan, poytaxtimizda 3 yangi bog` barpo etish, 5 bog`ni rekonstruksiya qilish, 5 bog`ni kapital ta`mirlash va bir bog`ni joriy ta`mirlash belgilangan. Bu yil Gulshan, Mirzo Ulug`bek, Furqat, G`afur G`ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog`lari to`liq ta`mirlandi. Bektemir tumanida «Quyoshcha nuri» nomli yangi bog` barpo etildi. “Oymoma” va Yangi Sergeli madaniyat va istirohat bog`larida rekonstruksiya ishlari davom etmoqda.

Shuningdek, poytaxtimizda 22 ta stadion, 640 ta sport zali, 49 ta suzish havzasi, 6 o`q otish tiri, 1 ming 485 ta sport maydonchasi, 1 ta ippodrom va 4 ta sport manejida yoshlarning sport bilan shug`ullanishi uchun yaratilgan. Hamda «Paxtakor» OAJga qarashli futbol maktabida tashkil etilgan 292 sport seksiyasida 25 ming 68 nafar o`g`il-qiz mashg`ulotlarga muntazam qatnashib kelmoqda.

    Boshqa yangiliklar