Tadbir «Osiyo ramzi» O`zbekiston dizaynerlar va modelerlar uyushmasi, Madaniyat va sport ishlari hamda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirliklari, Toshkent to`qimachilik va engil sanoat instituti tomonidan tashkil etildi, deya xabar bermoqda uza.uz.
Unda mamlakatimizning madaniyat va san`at namoyandalari, O`zbekistonda faoliyat ko`rsatayotgan diplomatik korpus vakillari, chet ellik mehmonlar ishtirok etdi.
Milliy libos azaldan har qanday xalq an`ana va madaniyatining ramzi, uning ajralmas qismi bo`lib kelgan. Millatning ko`p asrlik tarixi, falsafasi va mentalitetini o`zida ifoda etadigan liboslar mamlakatning tabiiy-iqlim sharoiti, hudud aholisining didiga mos ravishda tikiladi. Boy tarixga ega o`zbek milliy liboslari esa bichimi, shakli, ranglarining uyg`unligi, matolari xilma-xilligi, nafisligi bilan ajralib turadi.
«Milliy libos» respublika moda festivali mamlakatimizning har bir hududi milliy libos tayyorlash bo`yicha o`z uslubiga ega ekanini yana bir bor yorqin namoyon etdi. Toshkent va Farg`ona vodiysida tayyorlanayotgan rang-barang matolar, Xorazm milliy liboslari va zargarlik buyumlari, Buxoroning zardo`zlik san`ati, Samarqandning arxitektura merosi, Qashqadaryo, Surxondaryo vohasi va Qoraqalpog`iston Respublikasining sharqona ruh aks etib turgan betakror naqsh va kashtado`zlik texnologiyalari keng namoyish etildi.
Shu bois bu festivalni O`zbekistonda dizayn va moda sohasidagi boy an`ana va zamonaviy izlanishlarni aks ettirgan o`ziga xos voqea, deb aytish mumkin.
«Osiyo ramzi» O`zbekiston dizaynerlar va modelerlar uyushmasi raisi Xolida Komilovaning ta`kidlashicha, yosh dizaynerlar tanlovi bo`lgan «Milliy libos» respublika moda festivalida 80 nafar yigit-qiz ishtirok etdi. O`tkazilgan saralash bosqichlari natijasida 24 nafar dizayner qariyb 160 libos modelini o`z ichiga olgan 18 kolleksiya bilan finalda bellashish huquqini qo`lga kiritdi. Shu bilan birga, mazkur festival yangi g`oya va takliflarga ham boy bo`ldi.
Uch qismdan iborat festival dasturidan mamlakatimiz estrada yulduzlarining chiqishlari ham o`rin oldi. Birinchi qismda yosh dizaynerlarning «Pret-a-porter» uslubidagi kolleksiyalari namoyish etildi. Turli rang va geometrik echimlarni o`zida mujassam etgan «quroq» uslubida tikilgan xotin-qizlar kolleksiyasi tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Erkaklar uchun mo`ljallangan «moviy gumbaz» kolleksiyasi qadimiy o`lkamizning arxitektura yodgorliklarini o`zida aks ettirgan.
Dasturning ikkinchi qismida mamlakatimizning turli hududlariga xos milliy liboslar namoyishi o`rin oldi.
Uchinchi qismda zamonaviy liboslar namoyish etildi. Ayniqsa, xonatlas, baxmal, shoyidan tikilgan, «Bodom» gulli milliy so`zana va Buxoro naqshlari bilan bezatilgan xilma-xil liboslar ranglar uyg`unligi hamda go`zalligi, nafis bichimi bilan ko`pchilikning e`tiborini tortdi.
Hay`at a`zosi, Milan politexnika universitetining dizayn maktabi professori Arturo Del Akua Bellavitisning (Italiya) so`zlariga ko`ra, o`zbekistonlik yoshlarning kolleksiyalarini professional dizaynerlar mehnati bilan taqqoslash mumkin. Bu yoshlarning aksariyati kelajakda O`zbekiston moda sanoatida o`z o`rniga ega bo`ladi.
Namoyish etilgan modellar besh nominasiya – erkaklar liboslari, milliy matodan samarali foydalanish, milliy uslub, an`analar uyg`unligi va tomoshabinlar olqishi nominasiyasi bo`yicha baholandi. Nominasiyalar bo`yicha eng yaxshi dizaynerlar aniqlandi. Ular orasida Ozod Ro`ziboev, Go`zal Mag`rupova, Dilafro`z Umaralieva, Kamola Asomova, Nilufar Yunusxo`jaeva va Dilnoza Ahmedova bor.
– «Milliy libos» respublika moda festivalida g`olib bo`lganimdan baxtiyorman, – deydi Toshkent to`qimachilik va engil sanoat instituti ikkinchi kurs talabasi Go`zal Mag`rupova. – Negaki, bu festival biz, yoshlarga o`z ijodiy qobiliyatimizni namoyon etish uchun keng imkoniyatlar ochib bermoqda. «Yil fasllari» deb nomlangan kolleksiyamni ustozlarim yordamida tayyorladim. Ular menga kerakli mato va libos uchun zarur qismlarni tanlashda yordam berdi. Tayyorlagan kolleksiyam yoshlarga manzur bo`ladi, deb o`ylayman.
Festival doirasida Italiya va Germaniyaning mashhur dizaynerlari, O`zbekistonning etakchi mutaxassislari tomonidan yosh dizaynerlar, oliy o`quv yurtlari talabalari, akademik lisey va kasb-hunar kollejlari o`quvchilari uchun milliy hamda zamonaviy liboslar modelini yaratish, sartaroshlik san`ati va makiyaj bo`yicha mahorat saboqlari, seminar-treninglar tashkil etildi.
«Milliy libos» respublika moda festivalida mamlakatimizning olis va chekka hududlarida ijod qilayotgan yangi nomlar kashf etildi. Unda ishtirokchilar bir-biri bilan tanishish, do`stlar va hamkorlar orttirish, fikr va tajriba almashish imkoniyatiga ega bo`ldi.