Mamlakatimiz aholisiga ko`rsatilayotgan avtotransport xizmatlari sifatini oshirish, yo`lovchilarga qo`shimcha qulayliklar yaratish maqsadida Transport vazirligi tomonidan belgilangan reja asosida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bugun mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahri va viloyat markazlari hamda yirik shaharlar o`rtasida muntazam avtobus qatnovlari tashkil etilib, yo`lovchilar o`z vaqtida manzillariga xavfsiz etkazib qo`yilmoqda. Shu bilan bir qatorda respublikamizning chekka hududlarini bevosita Toshkent shahri bilan bog`lovchi yo`nalishlarda ham avtobus qatnovlarini yo`lga qo`yish borasida ishlar olib borilmoqda.
15 avgust kunidan e`tiboran “Uzautotrans service” MChJ tomonidan "Toshkent-Chimboy" yo`nalishida muntazam avtobus qatnovlari yo`lga qo`yiladi. Avtobuslar Nukus shahri orqali harakatlanadi. Toshkent avtovokzalidan avtobus soat 08:00 da jo`nab ketadi. Chimboydan esa 08:20 da Toshkent tomon yo`lga chiqiladi. Mazkur yo`nalish masofasi 1216,3 km.ni tashkil etadi. Chipta narxi esa 124 000 so`m etib belgilangan. Nukus shahrigacha esa 118 000 so`mni tashkil etadi. Chiptalarni Toshkent avtovokzali kassalaridan sotib olish mumkin.






